Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

24-mayga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaning poytaxti Kiyev va Kiyev viloyatiga keng ko‘lamli zarba berdi. Bu, Ukraina rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri eng yirik hujumlardan biri bo‘ldi.

Ukraina Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari 600 ta uchuvchisiz uchish apparati va 90 ta raketani, jumladan, “Oreshnik” o‘rta masofali ballistik raketasini ishga tushirgan. 54 ta hududda 16 ta raketa va 51 ta zarba beruvchi dron kelib tushgani qayd etilgan.

“Oreshnik” raketasi Kiyev viloyatining Belaya Serkov shahriga kelib tushgan. Bu Rossiyaning ushbu raketani urushda qo‘llashining uchinchi holatidir. Avvalgi ikki holat 2024-yil 21-noyabrda Dneprga va 2026-yil 9-yanvarda Lvov viloyatiga qilingan hujumlar edi.

Hujum oqibatida Kiyevda kamida ikki kishi halok bo‘ldi, 87 kishi jarohatlandi. Shaharda 300 ga yaqin obyekt, jumladan, o‘nlab turar joy binolari va madaniy obyektlar shikastlandi. Eng katta vayronagarchiliklar tarixiy Lukyanovka rayonida qayd etildi. “Chernobil” milliy muzeyi, Ukraina milliy san’at muzeyi, Ukraina TIV binosi va boshqa arxitektura yodgorliklari zarar ko‘rdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi hujumni tasdiqlab, “Oreshnik”, “Iskander”, “Kinjal” va “Sirkon” raketalari hamda dronlar yordamida “Ukrainaning harbiy boshqaruv obyektlari, aviabazalari va mudofaa sanoati korxonalariga” zarba berilganini ma’lum qildi. Vazirlik bu hujumni “Ukrainaning Rossiya hududidagi fuqarolik obyektlariga qilgan terrorchilik hujumlariga” javob deb atadi.

Bir necha kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani Lugansk viloyatidagi Starobelsk pedagogika kolleji yotoqxonasiga “terrorchilik zarbasi” berganlikda ayblagan edi. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 22-mayga o‘tar kechasi Starobelskdagi kollejga berilgan zarba oqibatida 63 kishi jabrlangan, 21 nafari halok bo‘lgan.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi fuqarolik infratuzilmasiga zarba berilganini inkor etib, Starobelsk yaqinidagi harbiy nishonlarga, jumladan, neftni qayta ishlash zavodi, o‘q-dorilar omborlari va “Rubikon” bo‘linmasi shtabiga hujum qilinganini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz