Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Pokistonning janubi-g‘arbiy qismidagi Balujiston viloyati markazi Kveta shahrida yakshanba kuni harbiy xizmatchilarni tashiyotgan poyezdga o‘zini-o‘zi portlatgan avtomobil hujumi natijasida kamida 24 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi yaralandi.

Hujum Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning Xitoyga to‘rt kunlik tashrifi va Pekinda Xitoy Prezidenti Si Szinpin bilan uchrashuvi arafasida sodir bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 75 yilligini nishonlash marosimi rejalashtirilgan edi.

Hujum uchun mas’uliyatni Balujiston Ozodlik Armiyasi (BLA) o‘z zimmasiga oldi. Bu qurolli baluj separatistik guruhi mustaqil davlat talab qilish bilan birga, mintaqadagi Xitoyning yirik sarmoyalariga keskin qarshi.

Al-Jazira muxbiri Kamol Hayderning xabar berishicha, portlash natijasida temir yo‘l yonidagi bir necha uy va binolar jiddiy shikastlangan, poyezd vagonlari ag‘darilib, yonib ketgan. Kveta shifoxonalarida favqulodda holat e’lon qilingan.

So‘nggi oylarda Balujistonda separatistik guruhlar tomonidan hujumlar soni keskin oshgan. Mustaqil tahlil markazi Pokiston Tinchlik Tadqiqotlari Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda viloyatda kamida 254 hujum qayd etilgan – bu 2024-yilga nisbatan 26 foiz ko‘p.

BLA 2025-yil mart oyida Kveta-Peshovar yo‘nalishidagi Jaffar Express poyezdini ham olib qo‘ygan edi. O‘shanda 400 yo‘lovchi garovga olingan, 6 harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Global Terrorizm Indeksi hisobotiga ko‘ra, bu 2025-yildagi eng yirik terakt bo‘lgan.

Balujiston – Pokistonning eng katta, ammo eng kam aholili viloyati. U ko‘mir, oltin, mis va gaz kabi tabiiy boyliklarga ega bo‘lishiga qaramay, eng qashshoq mintaqa hisoblanadi. BLA federal hukumatni resurslarni adolatsiz ekspluatatsiya qilishda ayblaydi.

Viloyat Xitoyning “Belt and Road” tashabbusi doirasidagi Pokiston-Xitoy Iqtisodiy Yo‘lagi (CPEC) loyihasining muhim qismi bo‘lgan Gvadar portiga ega. Xitoy bu loyihaga 65 milliard dollar sarmoya kiritgan.

Ekspertlarning fikricha, BLA hujumlari Pokistonning ichki barqarorligiga putur yetkazmoqda va harbiy kuchlarning siyosiy ta’sirini kuchaytirmoqda. Bredford universiteti professori Yunas Samadning ta’kidlashicha, bu mamlakatdagi demokratik jarayonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Source: www.aljazeera.com