Yevropa Ittifoqi Xitoyning Temu onlayn-do‘konini 200 million yevro (taxminan 232 million dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Sabab – platformada sotilayotgan mahsulotlar ustidan yetarli nazorat yo‘qligi.
Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Temu’da noqonuniy tovarlar, jumladan, xavfli bolalar o‘yinchoqlari va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan zaryadlovchi qurilmalar sotilgan.
Komissiya bayonotida aytilishicha, kompaniya potentsial xavfli mahsulotlarning tarqalishi bilan bog‘liq tizimli xavflarni aniqlash va baholash uchun samarali tizimni ta’minlay olmagan.
Temu Yevropa rasmiylarining qaroriga rozi emas, jarima miqdorini nomutanosib deb atadi va o‘z pozitsiyasini himoya qilish niyatida ekanligini bildirdi.
Tekshiruv 2024-yil oktabrida boshlangan. 2025-yil iyulida dastlabki xulosalar iste’molchilarni himoya qilish va tovarlarni sotish nazorati bo‘yicha Yevropa Ittifoqi talablarining mumkin bo‘lgan buzilishlarini ko‘rsatgan.
Mustaqil ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan sinov xaridlarida zaryadlovchi qurilmalarning katta qismi elektr xavfsizligi bo‘yicha asosiy testlardan o‘tmagan. Bolalar o‘yinchoqlarida esa ruxsat etilgan me’yordan yuqori miqdorda xavfli kimyoviy moddalar yoki bolalar uchun xavfli bo‘lgan mayda detallar topilgan.
Jarimani to‘lashdan tashqari, Temu 28-avgustgacha Yevropa Komissiyasiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha batafsil reja taqdim etishi shart. Shundan so‘ng, Yevropa tartibga soluvchi organi taklif qilingan choralar samaradorligini va qonunchilik talablariga muvofiqligini ikki oy ichida baholaydi.
Source: kun.uz