Eron urushi boshlanganiga 100 kun to‘ldi. AQSh va Isroil rejimi 28 fevral kuni Islom Respublikasidagi harbiy va strategik nishonlarga birgalikda havo hujumlarini boshlagan edi. Hujumlar natijasida Eron qurolli kuchlarining asosiy obyektlari vayron qilingan, Oliy Rahbar Oyatulloh Ali Xomeneiy va bir qator yuqori martabali siyosiy va harbiy shaxslar halok bo‘lgan.
Eron ekspertlar majlisi Xomeneiyning o‘g‘li Mojtaboni yangi oliy rahbar etib sayladi. Tehron rejimi javob zarbalari sifatida Isroil, AQSh harbiy bazalari va Fors ko‘rfazi mintaqasidagi boshqa nishonlarga raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan katta hujumlar uyushtirdi. Shuningdek, Eron geosiyosiy bosim vositasi sifatida Hormuz bo‘g‘ozini yopdi.
8 aprelda tuzilgan mo‘rt sulh dastlab keskinlikni pasaytirgan bo‘lsa-da, deyarli har kuni buzilmoqda. Jorj Vashington universiteti professori Muhammad G‘aediyning so‘zlariga ko‘ra, urush siyosiy elita va jamiyat o‘rtasidagi bo‘linishlarni vaqtincha yumshatgan bo‘lsa-da, asosiy muammolar — qonuniylik, samaradorlik va taqsimot inqirozlari saqlanib qolmoqda.
Eron rejimi tarafdorlari uch oydan ortiq vaqt davomida mamlakat bo‘ylab yig‘ilishlar o‘tkazmoqda. Tehronlik bir ayolning aytishicha, bu yig‘inlar shovqinli va charchatadi. Ayollar huquqlari faoli esa tungi yig‘inlar rejimning ko‘chalar ustidan nazoratni tiklaganini ko‘rsatishga qaratilganini ta’kidlaydi.
Urush davomida aholi zich joylashgan Eron shaharlari kuniga bir necha marta bombardimon qilingan. AQSh rejimi prezidenti Donald Tramp 7 aprelda “butun bir sivilizatsiya bu kecha halok bo‘ladi” deb yozgan edi. Sanoat obyektlarining vayron bo‘lishi o‘n minglab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib keldi, inflyatsiya 50% dan oshdi.
Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh-Isroil hujumlari boshlanganidan beri Eron hukumati 6000 dan ortiq odamni o‘zboshimchalik bilan hibsga olgan, kamida 39 kishi siyosiy sabablarga ko‘ra qatl etilgan. Inson huquqlari faoli Shiva Nazar Ahariyning so‘zlariga ko‘ra, repressiya darajasi nihoyatda og‘ir va ko‘pincha qaysi institut nazorat qilayotgani noaniq.
88 kunlik umummilliy internet uzilishidan so‘ng, may oyi oxirida qisman tiklanish amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ko‘plab xizmatlar cheklangan holda qolmoqda. Yanvar oyidagi norozilik namoyishlari bilan bog‘liq hibsga olinganlarning aksariyati hali ham qamoqda.
Source: www.dw.com