Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ilk bor sportchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatishni boshlaydi. Endilikda Olimpiya o‘yinlarining har bir ishtirokchisi 10 ming AQSh dollari miqdorida grant olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Fit for the Future Olympian Grant dasturining ishga tushirilishi Lozannadagi 146-XOQ sessiyasida e’lon qilindi. Dastlabki oluvchilar 2026-yilda Milan va Kortina-d’Ampetsoda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari bo‘ladi.

Grant Fit for the Future strategiyasining bir qismi bo‘lib, sportchilarni nafaqat faoliyati davomida, balki undan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. To‘lov natijalarga bog‘liq emas: nafaqat g‘oliblar, balki barcha olimpiyachilar pul olishlari mumkin.

Har bir Olimpiya siklida taxminan 14 ming sportchi grant olish huquqiga ega bo‘ladi. Mablag‘lar milliy Olimpiya qo‘mitaari orqali taqsimlanadi. Agar sportchi ariza bermasa, pul fondda qoladi va kelajak avlod sportchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi.

Yangi chora mavjud moliyalashtirish dasturlarini almashtirmaydi – bu qo‘shimcha yordamdir. To‘lovlarni faqat Aa toifasidagi akkreditatsiyaga ega sportchilar olishlari mumkin, 2026-yilgi Olimpiadadan boshlab. Yoshlar o‘yinlari ishtirokchilari dasturga kiritilmagan.

Shuningdek, antidoping qoidalari, Etika kodeksi va Olimpiya Xartiyasini buzgan sportchilar grant olish huquqiga ega emas. XOQ sportchilar komissiyasi raisi Pau Gazolning ta’kidlashicha, grant mukofot emas, balki har bir olimpiyachining yo‘li va sarflagan kuchini tan olishdir.

Hozirda XOQ ariza topshirish mexanizmini ishlab chiqmoqda. Italiyadagi o‘yinlar ishtirokchilari uchun hujjatlar qabuli yil oxirigacha ochilishi, birinchi to‘lovlar esa 2027-yilda boshlanishi kutilmoqda.

Source: podrobno.uz