Parij apellyatsiya sudi o‘ng qanot “Milliy birlashuv” partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Marin Le Penga nisbatan Yevropa parlamenti mablag‘larini maqsadsiz sarflaganlik ishi bo‘yicha ayblov hukmini o‘z kuchida qoldirdi, biroq uning jazosini yengillashtirdi va saylovlarda qatnashish taqiqi muddatini qisqartirdi, deb xabar bermoqda Le Monde.
Le Pen 100 ming yevro miqdoridagi jarimaga va uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Jazoning ikki yili shartli, bir yilini esa u uyida elektron braslet taqqan holda o‘tashi kerak. Sud, shuningdek, uning hokimiyat organlariga saylanish huquqidan mahrum qilish muddatini besh yildan 45 oygacha qisqartirdi, bu muddatning 30 oyi shartli etib belgilandi.
Le Monde nashrining qayd etishicha, Le Pen saylanish huquqidan mahrum qilish bo‘yicha 45 oylik taqiqning shartli bo‘lmagan qismini o‘tab bo‘lgan, chunki muddatni hisoblash quyi instansiya sudi hukm chiqargan 2025-yil 31-martdan boshlangan.
Le Penning prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligi so‘roq ostida qolmoqda, deb yozadi nashr. Sud qaroridan oldin siyosatchi bir necha bor elektron braslet bilan saylovoldi kampaniyasini olib bormasligini aytgan edi. 7-iyul oqshomida Le Penning televideniye orqali chiqish qilishi kutilmoqda.
2025-yil mart oyida Parij sudi Marin Le Penni Yevropa parlamenti mablag‘larini maqsadsiz sarflaganlikda aybdor deb topgandi. Ayblovga ko‘ra, Le Pen va “Milliy birlashuv” partiyasining boshqa a’zolari Yevroparlament deputatlariga ajratiladigan fiktiv yordamchilarni ishga yollagan. Bu yordamchilar aslida Fransiyada partiya manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritgan va Yevroparlament faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan vazifalarni bajargan. O‘shanda Le Penning besh yil davomida hokimiyat organlariga saylanishi taqiqlangandi, bu esa uni 2027-yildagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qilardi.
Le Pen uch marta prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘ygan (2012, 2017 va 2022-yillarda) va 2027-yilgi kampaniyada ham qatnashishni rejalashtirib, bu uning so‘nggi urinishi bo‘lishini aytgandi. Sud hukmi chiqarilgan vaqtda siyosatchi saylovoldi jamoatchilik fikri so‘rovnomalarida favorit bo‘lib turgan edi.
Source: www.gazeta.uz