Kelgusi iPhone 18 Pro smartfoni o‘zidan oldingi iPhone 17 Pro’ga qaraganda taxminan ikki millimetr qalinroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda Fixed Focus Digital nomli insider ma’lumot tarqatdi.
Insiderning so‘zlariga ko‘ra, qurilma korpusining umumiy qalinligi 9,9–10,9 mm atrofida bo‘ladi, iPhone 17 Pro’da esa bu ko‘rsatkich 8,75 mm edi. Asosiy kamera blokining chiqishi ham oshadi – 11,54 mm gacha, hozirgi modelda 11,23 mm.
O‘lchamlarning oshishi yangilangan asosiy kamera tizimi bilan bog‘liq. Mish-mishlarga ko‘ra, iPhone 18 Pro birinchi marta o‘zgaruvchan diafragmali linzaga ega bo‘ladi. Bunday modulning narxi hozirgi qat’iy diafragmali linzaga nisbatan taxminan 50% qimmatroq ekani aytilmoqda. LG Innotek va Sunny Optical kompaniyalari yangi modullar ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda.
Insider, shuningdek, Apple iPhone 17 Pro liniyasida taqdim etilgan alyuminiy ramkadan foydalanishda davom etishini va titanga qaytishni rejalashtirmayotganini ta’kidladi. Yangi rang variantlari iPhone 17 Pro’ning ba’zi namunalarida kuzatilgan rang o‘zgarishi va qoplama yorilishi kabi muammolarga duch kelishi mumkin.
iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max 2025-yil sentabrida, Apple’ning birinchi buklanadigan iPhone’i bilan bir vaqtda taqdim etilishi kutilmoqda.
Source: kun.uz