Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

22-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Dauning-stritdagi qarorgoh oldida iste'fosini e'lon qildi. Ikki yil avval u leyboristlarni tarixiy g'alabaga boshlagan bo'lsa, endi partiya ishonchini yo'qotib, lavozimini tark etmoqda. Starmer so'nggi 10 yil ichida mamlakatning oltinchi bosh vaziri bo'ldi.

20-iyulda qirol Charlz III Starmerning iste'fosini qabul qildi va Leyboristlar partiyasining yangi yetakchisi Endi Bernemni bosh vazir etib tayinladi. Bernem partiya ichki saylovida g'olib chiqqan edi.

Buyuk Britaniyadagi siyosiy beqarorlik 2016-yilda, Brexit referendumidan so'ng boshlandi. O'shandan beri Devid Kemeron, Tereza Mey, Boris Djonson, Liz Trass, Rishi Sunak va Kir Starmer hokimiyatda uch yildan ortiq ushlanib qola olmadi. Reuters ma'lumotlariga ko'ra, bu ikki asrlik tarixdagi eng tez almashinuvdir.

Har bir iste'foning o'ziga xos sabablari bor: iqtisodiy qiyinchiliklar, partiya ichidagi nizolar, janjallar. 2008-yilgi moliyaviy inqirozdan keyin Britaniya iqtisodiyoti sekin o'sdi, keyin Brexit, pandemiya va Ukraina urushi tufayli energiya narxlari oshdi. Har bir yangi bosh vazir oldingisidan ko'ra og'irroq meros oldi.

Britaniya tizimida bosh vazir to'g'ridan-to'g'ri saylanmaydi. Saylovchilar faqat deputatlarni saylaydi, ko'pchilik o'rinni olgan partiya yetakchisi bosh vazir bo'ladi. Partiya yetakchisi partiya ichki saylovida aniqlanadi. Bu tizim tez-tez almashinuvga imkon beradi.

Tereza Mey Brexitni amalga oshirishga urindi, ammo parlamentda kelishuvni uch marta o'tkaza olmadi va 2019-yilda iste'foga chiqdi. Boris Djonson Brexitni yakunladi, ammo "Partigeyt" janjali va boshqa mojarolar tufayli 2022-yilda iste'foga chiqdi.

Liz Trassning soliq islohotlari moliyaviy inqirozga olib keldi va u 49 kun ichida iste'foga chiqdi. Rishi Sunak inflyatsiyani pasaytirdi, ammo 2024-yilgi saylovlarda konservatorlar yirik mag'lubiyatga uchradi.

Kir Starmer 2024-yilda saylovda g'alaba qozondi, ammo uning hukumatining reytingi tez tushib ketdi. Soliq oshirish va pensionerlarga to'lovlarni qisqartirish rejalari norozilikka sabab bo'ldi. Piter Mandelsonning elchi etib tayinlanishi janjal keltirdi. 2026-yil bahorida leyboristlar mahalliy saylovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Starmer iste'foga chiqdi.

Siyosatshunos Tim Beylning fikricha, saylovchilar va siyosatchilar endi partiyalardan ko'ra yetakchilarga ko'proq e'tibor beradi. Deputatlar tezda nom qozonishni xohlaydi va muvaffaqiyatsizlik uchun yetakchini ayblaydi. Tarixchi Entoni Seldon Britaniya "o'ta chuqur o'raga" tushib qolganini va yangi bosh vazir Bernem muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, istiqbol qorong'u bo'lishini aytdi.

Source: www.gazeta.uz