10-avgust kuni Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahridagi sanoat va fuqarolik obyektlariga uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) yordamida keng ko‘lamli hujum amalga oshirildi. Ushbu hujum oqibatida, Qozon shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 nafar fuqarosi halok bo‘ldi.
Tatariston huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma’lumotiga ko‘ra, hujumda jami 13 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 39 nafari turli darajada jarohat olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tibbiy yordam so‘rab 75 nafar fuqaro murojaat qilgan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik rasmiylar jarohatlanganlar soni 48 nafarga yetganini ma’lum qilgan.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan. Konsulxona matbuot xizmati tomonidan bildirilishicha, holat to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, hodisaga aniqlik kiritish maqsadida mahalliy vakolatli idoralar va tergov organlari bilan zarur aloqalar o‘rnatilgan.
Vafot etgan fuqarolarning jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va barcha zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishi qo‘shimcha qilingan. Bu jarayon konsulxona tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.
Tatariston rasmiylari 10-avgust kuni ertalab Nijnekamskdagi ishlab chiqarish va fuqarolik obyektlariga dronlar hujum qilganini tasdiqlagan. Hujum oqibatida Tataristonda 10-avgust motam kuni deb e’lon qilingan. Rossiya tergov organlari terrorchilik akti moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Rossiya rasmiylari hujum Ukraina qurolli tuzilmalari tomonidan sodir etilganini da’vo qilmoqda. 10-avgustga o‘tar kechasi Nijnekamsk aeroportida parvozlarga vaqtincha cheklovlar joriy etilgan, keyinroq Rosaviatsiya ularni bekor qilgan.
Nijnekamskda ikkita yirik neftni qayta ishlash korxonasi — “Tatneft”ga tegishli TANEKO majmuasi va “TAIF-NK” joylashgan. “Vot Tak” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq TANEKO to‘rt marta, “TAIF-NK” esa bir marta ukrain dronlari hujumiga uchragan. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ukrain dronlari Nijnekamskdagi “Taneko” NQIKga zarba berganini va u yerda yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.
Source: www.gazeta.uz