Kolumbiyada so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli zilzila oqibatida kamida 132 kishi halok bo‘ldi, yana 570 dan ortiq kishi jarohat oldi. Favqulodda xizmatlar vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirishda davom etmoqda.
Zilzila 10 avgust kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 07:34 da ro‘y berdi. Kolumbiya Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila o‘chog‘i Choko departamentida, San-Xose-del-Palmar qishlog‘i yaqinida, 103 kilometr chuqurlikda joylashgan. Yer osti silkinishlari mamlakatning katta qismida, shuningdek, Venesuela, Ekvador va Panamada ham sezildi.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan shaharlardan biri Pereyra bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, uning aglomeratsiyasida kamida 40 kishi halok bo‘ldi, 65 ta bino quladi, ulardan 15 tasida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin. Kali shahrida qulagan 32 ta binodan birining vayronalari ostidan mahalliy aholi chaqaloqni olib chiqdi.
Poytaxt Bogotada yer osti silkinishlari daraxtlar va svetoforlarning kuchli tebranishiga sabab bo‘ldi. Binolarda yoriqlar paydo bo‘lgani haqida xabar berilgan, biroq shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetmagan.
Kolumbiya prezidenti Abelardo de la Esprielya mamlakatda milliy miqyosdagi favqulodda holat e’lon qildi. 1,5 mingdan ortiq uy va bir nechta mintaqaviy aeroportlar shikastlangan.
The Guardian nashri Kolumbiya Geologik xizmatiga tayanib, bu zilzila so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchlilaridan biri bo‘lganini xabar qilmoqda. Taxminan 1,5 million kishi yer osti silkinishlarini his qilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, chuqur zilzilalar odatda yer yuzasiga yaqin bo‘lganlarga qaraganda kamroq xavfli, ammo jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Avvalroq Yaponiya hukumati Kumaamoto prefekturasida 28 iyul kuni sodir bo‘lgan 7,1 magnitudali kuchli zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun minglab harbiylarni jalb qilgan edi. Kamida 13 kishi halok bo‘lgani va yuzlab kishilar jarohat olgani xabar qilingan. Yana o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Source: podrobno.uz