Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaponiyaning sharqiy qismida, poytaxt Tokio yaqinidagi Chiba prefekturasida rekord darajadagi yomg‘ir oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohatlandi.

Mahalliy hokimiyat organlari yog‘inlarni “misli ko‘rilmagan” deb baholamoqda. Ular 20 mingdan ortiq uy xo‘jaligini elektr energiyasidan uzdi, Tokiodagi Narita aeroportida esa 7 ming yo‘lovchi tun bo‘yi qolib ketdi.

Payshanba kuni mahalliy hokimiyat beshinchi darajali favqulodda ogohlantirish e’lon qildi, bu eng yuqori daraja hisoblanadi. Juma kuni ertalab bu ogohlantirish to‘rtinchi darajaga tushirildi, biroq ko‘chki va suv toshqini xavfi haqida ogohlantirishlar davom etmoqda.

Yaponiya meteorologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yomg‘ir sharqiy hududlarga iliq va nam havo oqimi kirib kelishi, u yerdagi sovuq havo bilan qo‘shilib, atmosfera holatini o‘ta beqaror holga keltirgan. Yomg‘ir juma kuni kechgacha davom etishi kutilmoqda.

Chiba gubernatori Toshixito Kumagay jurnalistlarga bergan bayonotida: “Bu holat Yaponiya tarixidagi ob-havo me’yorlariga ko‘ra ham o‘ta g‘ayrioddiy vaziyat. Men ko‘plab ofatlarga duch kelganman, lekin hech qachon bunday holatni boshdan kechirmaganman”, dedi.

Chiba prefekturasida payshanba kundan beri soatiga 100 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘moqda. Bu avgust oyidagi o‘rtacha yog‘in miqdoridan taxminan uch baravar ko‘p va mamlakatda qayd etilgan eng yuqori yog‘in miqdori hisoblanadi.

Halok bo‘lganlar orasida suv bosgan yo‘lda mashinasi ichida qolgan ayol ham bor. Yana ikki kishi ko‘chada yiqilib, keyinchalik vafot etgan.

Juma kuni ertalab bir qancha temir yo‘l qatnovlari to‘xtatilgan, ba’zi yirik magistrallar ham yopilgan. Payshanba kuni yomg‘ir ko‘chki va elektr uzilishlariga sabab bo‘lganidan keyin 100 mingdan ortiq uy xo‘jaligi evakuatsiya qilishga chaqirilgan.

Narita aeroporti matbuot kotibi barcha reyslar juma kuni odatdagidek amalga oshirilishini ma’lum qildi. Yaponiya aviakompaniyasi ba’zi reyslar kechikishi mumkinligini, biroq bekor qilinishi kutilmayotganini aytdi.

Metro bekatlarida yo‘lovchilar qolib ketgan, Chiba prefekturasi hukumat binosida esa 1800 ga yaqin kishi tunab qolgan. Chiba shahridagi bir ayol NHK telekanaliga yomg‘ir “birdaniga boshlandi, shuning uchun bu butunlay kutilmagan holat bo‘ldi”, dedi.

Filippinda ham hokimiyat maktablar va davlat idoralarini yopib, suv toshqini xavfi haqida ogohlantirmoqda. Avvalroq Yaponiya, Filippin va Xitoyga bir vaqtning o‘zida “Dolphin”, “Chan-Hom” va “Peilou” bo‘ronlari zarba bergan edi.

Source: www.bbc.co.uk