Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nigeriya rasmiylari dushanba kuni kechqurun qurollangan shaxslar qishloqqa bostirib kirib, kamida 25 kishini o‘ldirganini ma’lum qildi. Hodisa mamlakatning Plateau shtati Mangu hududidagi Bin-Per qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Hujumchilar uyma-uy yurib, aholini machete bilan o‘ldirgan. Mahalliy aholi vakili Muftvan Yamput Fransiya Axborot agentligiga (AFP) bergan intervyusida oilasi bilan “zo‘rg‘a qutulib qolganini”, biroq qo‘shnilarining xonadonida ikki kishi halok bo‘lganini aytdi.

Bu hujum o‘tgan hafta ikki cho‘ponning o‘ldirilishiga javob sifatida yuz bergan. Undan oldin Maitimbe qishlog‘ida bir nechta uy yoqib yuborilgan. Mahalliy Mwaghavul Yoshlar Harakati hukumati himoyasiz jamoalarni himoya qilmaslikda ayblab, “jamoalarning muntazam vayron qilinishi, begunoh fuqarolarning o‘ldirilishi, uylarning yoqilishi va qishloq xo‘jaligi yerlarining buzilishi oddiy hodisa sifatida qaralishi mumkin emas”, dedi.

Plateau shtati assambleyasi vakili Metyu Kvarpo hukumatni “hujumlar sodir bo‘lishidan oldin ularni oldini olish yoki kamaytirish uchun faol choralar ko‘rishga” chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisa asosiy noroziliklarni hal qilish va zo‘ravonlikning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Nigeriyaning markaziy qismidagi O‘rta Belt mintaqasida ko‘chmanchi musulmon Fulani cho‘ponlari va asosan nasroniy dehqonlar o‘rtasida yer va resurslar uchun kurash yillar davomida kuchayib bormoqda. Foydali qazilmalar uchun yer egallash, mahalliy va begona aholi o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar, diniy ekstremistlarning kirib kelishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

2025-yil may oyida Xalqaro Amnistiya tashkiloti (AI) hisobotiga ko‘ra, prezident Bola Tinubu lavozimga kelganidan beri ikki yil ichida faqat Plateau shtatida kamida 2630 kishi halok bo‘lgan. Tashkilot hukumatni “mamlakat bo‘ylab o‘n minglab odamlarning hayot, jismoniy daxlsizlik, erkinlik va xavfsizlik huquqlarini himoya qilmaslikda” ayblagan.

Source: www.dw.com