Markaziy Afrika Respublikasining g‘arbiy qismida, Kamerun bilan chegaradosh hududda joylashgan qo‘lda qaziladigan oltin konining qulashi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda rasmiylar ma’lum qildi.
Kamerun ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, hodisa seshanba kuni Zamboye qishlog‘ida, Kamerunning sharqiy qismidagi Garua-Bulai shahridan bir necha kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan.
Markaziy Afrika Respublikasining Nana-Mambere prefekturasi meri o‘rinbosari Sulaymon Bi chorshanba kuni qutqaruvchilar va mahalliy aholi qulagan kon ostidan bir necha soat ichida 30 ta jasadni olib chiqqanini va jarohatlangan konchilar davolanayotganini aytdi.
“Bu dahshatli, biz tashkilotlardan va barcha yaxshi niyatli insonlardan yordam so‘raymiz”, — dedi Bi. Mahalliy amaldorlardan biri AFP agentligiga bergan intervyusida voqea joyida 40 ga yaqin odam halok bo‘lganini aytdi.
“Hozircha rasmiy raqamni aniqlash qiyin”, — dedi Babua shahri rasmiysi Loran Ngon Baba AFPga. Konda ishlovchi Sedrik Mbango voqeani “halokatli” deb ta’rifladi.
“Yer butunlay qulab, odamlarni ko‘mib tashladi. Hozir ham boshqa odamlar ko‘milgan holda qolmoqda. Qutqaruv ishlari davom etmoqda”, — dedi u AFPga.
Hukumat vakili Evarist Nganana qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirib, hokimiyat jabrlanganlarga yordam va ko‘mak ko‘rsatish uchun “qattiq ishlamoqda” dedi.
Markaziy Afrika Respublikasida qo‘lda qaziladigan konlarning qulashi tez-tez uchraydi. Bu yerda bir necha ming kishi hukumat nazoratidan tashqarida kichik hajmdagi qazilmalarni qazib olish bilan shug‘ullanadi. Konchilar yetarli himoyaga ega emasligi sababli ish xavfli bo‘lib, baxtsiz hodisalar ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
Iyun oyida Kamerun chegarasidagi Be-Mbari oltin qazilma konida sodir bo‘lgan qulashda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan edi. Mart oyi o‘rtalarida esa mamlakat g‘arbidagi Ngurroum qishlog‘idagi konda sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida yetti kishi hayotdan ko‘z yumdi. Fevral oyida shimoli-sharqdagi Gordi shahrida yana 20 kishi halok bo‘lgan edi.
Source: www.aljazeera.com