Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

20-avgustga o‘tar kechasi Kiyev va Kiyev viloyatiga Rossiya tomonidan raketalar va dronlar bilan ommaviy zarba berildi. Hujum qariyb to‘qqiz soat davom etgani, shahar bo‘ylab portlashlar eshitilgani xabar qilinmoqda.

Hujum oqibatida Kiyevda 15 kishi halok bo‘ldi, ularning yarmidan ko‘pi Solomenka tumanidagi to‘qqiz qavatli turar joy binosiga to‘g‘ri kelgan zarba natijasida qurbon bo‘ldi. Kamida 39 kishi jarohatlandi, 21-avgust Ukraina poytaxtida motam kuni deb e’lon qilindi.

Kiyev hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, shaharning uchta tumanida zarbalar qayd etilgan — turar joy binolari, omborlar va muhim infratuzilma obyektlari shikastlangan. Jitomir, Xerson, Xarkov va Donetsk viloyatlari ham hujumga uchragan.

CNN nashri Ukraina hududiy harbiy ma’muriyatlariga tayanib, so‘nggi 24 soat ichida butun Ukraina bo‘ylab halok bo‘lganlar soni 23 nafarga yetganini, yana 132 kishi jarohatlanganini xabar qilmoqda.

Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, tun davomida Rossiya Ukraina hududiga 36 ta X-101, “Iskander-K” va X-59 qanotli raketalari, sakkizta “Kalibr”, ikkita “Banderol”, shuningdek, “Oniks”, “Sirkon”, “Iskander-M” va S-400 ballistik raketalari hamda 168 ta dronni uchirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina bo‘ylab “yuqori aniqlikdagi qurollar bilan yoppasiga zarba” berilganini tasdiqladi. Idora bayonotida zarba “Kiyev shahri va Kiyev viloyatidagi harbiy sanoat korxonalari, transport-logistika markazi hamda omborlarga” berilgani aytiladi.

Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya HHM kuchlari bir qator hududlar, jumladan Moskva viloyati va Tatariston uzra 720 dan ortiq Ukraina dronini tutib olgani va yo‘q qilganini ma’lum qildi.

Source: www.gazeta.uz