Yevropa teleradioeshittirish ittifoqi (EBU) jurnalistlari tomonidan olib borilgan tergov shuni ko‘rsatdiki, WhatsApp messenjeridagi 532 ishtirokchidan iborat «Traders of Greater Europe» guruhi butun dunyo bo‘ylab yuzlab million yevro naqd pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. Ushbu tizim orqali nafaqat jinoiy guruhlar, balki Suriyadagi «Islomiy davlat» (ID) jangarilari ham moliyalashtirilgan.
Belgiya tergov sudyasi Vinsent Gyerra tomonidan aniqlangan ushbu guruhda 2022-yil fevral-dekabr oylari orasida 82 mingdan ortiq xabar almashilgan. Gyerra bu tarmoq «butun sayyorani» qamrab olganini va operatsiyalar soni «hayratlanarli» ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, dastlab bu tergov terrorizmni moliyalashtirishga qaratilgan bo‘lsa, keyinchalik «bu umumiy oqimdagi bir tomchi» bo‘lib qolgan.
Guruh a’zolari qadimiy «havola» tizimidan foydalanganlar. Bu tizimda ishonchli vositachilar (havoladar) o‘rtasida og‘zaki kelishuv asosida pul o‘tkazmalari amalga oshiriladi, hech qanday elektron iz yoki bank hujjati qolmaydi. Bu usul ko‘pincha qonuniy maqsadlarda, masalan, muhojir ishchilar o‘z oilalariga pul yuborishda qo‘llanadi, biroq jinoyatchilar ham undan foydalanib, bank nazoratidan qochishadi.
Belgikada 2024-yilda o‘tkazilgan sud jarayonida olti nafar pul yuvishda ayblangan shaxs, jumladan Bryusseldagi tarmoq rahbari Abu Adam va uning o‘rinbosari Abu Ahmad hukm qilindi. Abu Adamning telefonida ushbu guruh chatidan tashqari, 6000 dona 5 yevrolik kupyuralarning seriya raqamlari va 6000 ta shaxsiy guvohnoma fotosuratlari topilgan. Bu uning kamida 12 mingta operatsiyani amalga oshirganini ko‘rsatadi.
Gyerra bu topilmani «jekpot urish» deb atadi va «bu havaskorlik emas, balki professional darajadagi ish, biz tasavvur qilmagan daraja. Ular hukumat nazoratisiz ishlaydigan bankirlar», dedi. Tergovchilarning fikricha, havola tizimi uyushgan jinoyatchilik uchun asosiy pul o‘tkazish kanaliga aylangan.
Avstriyada ham havola tizimi odam savdosi va zo‘ravonlik bilan bog‘liqligi aniqlangan. Vena shahridagi kebab restoranida joylashgan «eng yirik havola ofisi» odam savdosi uchun to‘lovlarni amalga oshirgan. Ikki suriyalik aka-uka odam savdosi va 350 ming yevro yo‘qotgan kuryerga qiynoq qo‘llashda ayblanib, mos ravishda 18 va 8 yilga qamalgan.
Avstriya jinoyat qidiruv xizmati rahbari Jerald Tatsgernning aytishicha, qiynoqlar odam savdosida odatiy hol bo‘lib, ular orqali qo‘shimcha pul undiriladi. «Qiynoq videolari oilalarga yuboriladi va agar yana pul yuborilmasa, yaqinlari azob chekishda davom etishi aytiladi», deydi u. To‘lovlar ham havola tizimi orqali talab qilingan.
Yevropol bilan hamkorlik qiluvchi politsiya qo‘mondoni Kventin Maggning ta’kidlashicha, havola tizimi «uyushgan jinoyatchilik uchun asosiy pul yuvish kanali» hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, havoladarlar pulning qayerdan kelgani bilan qiziqmaydilar — xoh u odam savdosi, fohishalik, giyohvand moddalar savdosi yoki oddiy ishchining oilasiga yuborilgan mablag‘ bo‘lsin.
Source: www.bbc.co.uk