Shimoliy Koreya yoshlar terma jamoasi Polshada bo‘lib o‘tayotgan U-20 Jahon chempionatida amaldagi chempion sifatida ishtirok etmoqda. 2024-yilda qo‘lga kiritilgan chempionlik bu jamoaning uchinchi muvaffaqiyati bo‘lgan edi.
Bir yil avval Shimoliy Koreya ayollar U-17 terma jamoasi Marokashda bo‘lib o‘tgan chempionat finalida Niderlandiyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z unvonini himoya qilgan edi. Bu mamlakat uchun ushbu turnirdagi to‘rtinchi g‘alaba edi.
Endi esa U-20 terma jamoasi Polshada amaldagi chempion sifatida maydonga tushmoqda. Shimoliy Koreya ayollar yoshlar futbolida so‘zsiz yetakchi kuchga aylangan. Ammo Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’rifiga ko‘ra, “zamonaviy dunyoda hech qanday o‘xshashi bo‘lmagan” bu davlatni yoshlar futbolida bunchalik muvaffaqiyatli qilayotgan nima?
Edinburg universitetining sport va dam olish siyosati bo‘yicha katta o‘qituvchisi doktor Jung Vu Li DW nashriga bergan intervyusida: “Xalqaro sport ularning suvereniteti, mavjudligi va o‘zligini xalqaro hamjamiyatga namoyish etishning bir necha yo‘llaridan biri. Shu bois, ular nuqtai nazaridan, bunday katta muvaffaqiyat – xalqaro auditoriya oldida o‘z davlat bayrog‘ini hilpiratish uchun muhim voqea”, – degan.
“Shu bilan birga, ichki miqyosda Shimoliy Koreya sportdan ko‘pincha o‘z rahbarlarini ulug‘lash va davlatning buyukligini ko‘rsatish uchun tashviqot vositasi sifatida foydalanadi”, – deya qo‘shimcha qilgan u.
Futbol mamlakatda mashhur, biroq kattalar futbolida yetakchilarga yetib olish yoshlar darajasiga qaraganda ancha qiyin ekanini anglagan Shimoliy Koreya rahbariyati ayollar yoshlar futboliga e’tibor qaratgan. Bu strategiya yo‘l ochishdan ko‘ra g‘alaba qozonishga qaratilgan.
Doktor Li ta’kidlashicha, Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida professional ligalar mavjud va klublar turli manfaatdor tomonlardan ko‘proq yordam oladi. “Yoshlar futbolida Yevropa sport tashkilotlari o‘yindan zavqlanishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Shimoliy Koreyada esa 13-14 yoshli bolalar ham juda intizomli, tizimli va professional mashg‘ulotlarga jalb qilinadi, shuning uchun ular erta yoshda ustunlikka erishadi”, – degan u.
Marokashda Shimoliy Koreya U-17 jamoasi butun turnir davomida bor-yo‘g‘i uchta gol o‘tkazib yuborgan va to‘rt o‘yinda uch yoki undan ko‘p gol urgan. U-20 jamoasi esa 2024-yilda Argentinani 6:2 hisobida mag‘lub etgan, chorak finaldan boshlab esa ketma-ket uchta 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan turnirni yakunlagan.
Pxenyan xalqaro futbol maktabi yordamida yosh qizlar tanlab olinadi, tarbiyalanadi va o‘qitiladi. Bu maktabda juda intizomli va ilmiy yondashuv qo‘llaniladi. Shimoliy Koreya imkoniyatni ko‘rib, undan foydalangan.
Shimoliy Koreya nazarida bu kommunistik tuzumning ham g‘alabasi. Doktor Li: “Shuni yodda tutish kerakki, Shimoliy Koreya hali ham juda kuchli sotsialistik va kommunistik tuzumni saqlab kelmoqda. Ayniqsa, Kim Chen In davrida ular kapitalistik va kommunistik tuzumlarni solishtirib, kommunistik tuzumning ustunligini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Shimoliy Koreya ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda ular kommunistik tuzum tufayli jismonan charchagan bo‘lsalar ham hamma narsaga qodirligini ta’kidlashadi”, – degan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ular bu mentalitetni kapitalistik mamlakatlar bilan solishtiradilar: “Kapitalizmda sportchi charchagan yoki jarohat olgan bo‘lsa, u maydonda davom eta olmaydi va murabbiy uni almashtiradi. Sotsialistik tizimda esa iroda murabbiy yoki tibbiy xodimlarning professional fikridan muhimroq. Shimoliy Koreya buni o‘z tizimining ustunligi sifatida ko‘rsatadi”.
Bu psixologik omil jamoaga ustunlik bergan ko‘rinadi, ammo kuchli vatanparvarlik va yillik intizomli mehnatdan tashqari, hayotni o‘zgartiruvchi mukofot motivatsiyasi ham bor. Doktor Li: “Biz Shimoliy Koreyani ko‘pincha qoloq, qishloq xo‘jaligiga asoslangan va odamlari qiyinchilik chekayotgan davlat deb bilamiz, ammo Pxenyanda yashovchilar boshqacha. Ular o‘ziga xos”, – degan.
Rejim o‘yinchilarga poytaxtga kirish uchun zarur bo‘lgan yashash guvohnomalarini berishi mumkin, shuningdek, ko‘plab futbolchilarga kvartiralar ham berilgan. Bu motivatsiyani e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Qishloq joylarda hayot og‘ir, oziq-ovqat va tibbiy xizmat yetishmasligi tez-tez uchraydi. Katta shaharda yashash esa butunlay boshqacha.
“Bu ularning hayotini o‘zgartirish usuli. Qandaydir ma’noda lotereyada yutishga o‘xshaydi”, – degan doktor Li.
2025-yilgi U-17 Jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari Yu Jong-hyang yoki 2024-yilda U-17 va U-20 chempionatlarida asosiy o‘yinchi bo‘lgan Choe Il-son kabi yulduzlar haqida gap ketganda, qaysi Yevropa yoki Amerika klubi ularni sotib olishga urinadi, degan savol tug‘iladi. Ammo ular yashayotgan va o‘ynayotgan sharoitni unutmaslik kerak.
Doktor Li ularning xorijda o‘ynashi haqida: “Bu imkonsiz emas, lekin unchalik oson ham emas. Avvalo, Shimoliy Koreyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar mavjud. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya o‘yinchilari Yevropa ligalarida o‘ynagan paytlarida – basketbolda bir necha holat bo‘lgan – maosh o‘yinchining shaxsiy hisobiga emas, balki Shimoliy Koreya hukumatining hisobiga o‘tkazilgan. Bu ham qo‘shimcha murakkablik”, – degan.
Bu jamoa haqida, xuddi mamlakatning o‘zi kabi, ko‘p narsa sir bo‘lib qolmoqda, ammo yoshlar darajasidagi muvaffaqiyat har doim reja bo‘lganini inkor etib bo‘lmaydi.
Source: www.dw.com