AQSh federal nazorat organi sobiq mehnat vaziri Lori Chaves-DeRemer faoliyatidagi jiddiy qonunbuzarliklar haqida hisobot e'lon qildi. Hujjatda uning davlat lavozimini shaxsiy manfaatlar uchun ishlatgani, qo'l ostidagilarga nisbatan zo'ravonlik va tahdid qilgani ta'kidlanmoqda.
Mehnat departamenti Bosh inspeksiya idorasi tomonidan chop etilgan 44 sahifalik hisobotda 500 ta hujjat va 53 nafar xodimning ko'rsatmalari tahlil qilingan. Ulardan 38 nafari vazir idorasidagi muhitni “zaharlangan, qo'rqinchli va haqoratli” deb ta'riflagan.
Hisobotda Chaves-DeRemer davlat xizmatchilarini shaxsiy topshiriqlar uchun ishlatgani, ish vaqtida spirtli ichimliklar iste'mol qilgani va xavfsizlik xodimlaridan biri bilan “noo'rin munosabatda” bo'lgani aytiladi. Bu holatlar uning aprel oyida iste'foga chiqishiga sabab bo'lgan.
Chaves-DeRemer 2025-yil 11-martda qasamyod qilgan edi. U prezident Donald Tramp ma'muriyatida uchinchi vazir bo'lib, lavozimini tark etdi. Avvalroq Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem va Bosh prokuror Pam Bondi ham iste'foga chiqishgan edi.
Hisobotda vazirning o'rinbosari Rebekka Rayt xodimlardan birini “semiz odam” ko'rinmasligi uchun ish joyini ko'chirgani va boshqa xodimga “lezbiyanga o'xshamaslik” uchun sochini qisqa oldirmaslikni maslahat bergani keltirilgan. Chaves-DeRemer esa bu holatlardan xabardor bo'lsa-da, chora ko'rmagan.
Shuningdek, vazir xodimlarni uyiga yuborib, shkafini tartibga solish, kiyimlarini osish va xarid qilish kabi shaxsiy ishlarni bajarishga majburlagan. Ba'zi xodimlar uning uyida ta'mirlash ishlarini nazorat qilishgan.
Hisobotda Chaves-DeRemer va uning yaqin xodimlari ish vaqtida vazir kabinetida muntazam spirtli ichimlik ichishgani, bu esa departament siyosatini buzgani qayd etilgan. Shuningdek, u xavfsizlik xodimi bilan noo'rin munosabatda bo'lgan, hatto uning yelkasini massaj qilgani va birga qimor o'ynagani aytiladi.
2025-yil aprel oyida Chaves-DeRemer Oregon shtatiga shaxsiy safarida yarim yalang'och raqqosalar klublariga tashrif buyurishni so'ragan. Xavfsizlik xodimi uning bu talabini bajarishga yordam bergan. Shuningdek, u mehmonxona xonalarida tungi vaqtda birga bo'lgani aniqlangan.
Hisobotda sayohat xarajatlari bo'yicha ham qonunbuzarliklar topilgan. 2025-yil noyabr oyida u Florida shtatidagi Palm-Bich shahrida bo'lib o'tgan tadbirda qatnashish uchun uch baravar qimmat mehmonxonada qolgan.
Bosh inspeksiya idorasi mehnat departamentiga xavfsizlik bo'linmalarini vazir nazoratidan chiqarish, mustaqil auditlar o'tkazish va himoya choralarini kuchaytirish bo'yicha tavsiyalar bergan. Chaves-DeRemer hozirda Think Big kompaniyasida katta maslahatchi sifatida ishlamoqda.
Source: www.aljazeera.com