Boliviyaning Viacha shahridagi harbiy bazada sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi, 59 kishi yaralandi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, portlash juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:30 atrofida, pirotexnika materiallari saqlanadigan hududda yuz berdi.
Voqea poytaxt La-Pasdan taxminan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Viacha shahridagi harbiy bazada sodir bo‘ldi. Mudofaa vaziri Ernesto Xustiniano Facebook’dagi postida yaradorlarning 52 nafari tinch aholi vakillari, qolganlari esa harbiy xizmatchilar ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 10 dan 15 kishigacha bo‘lishi mumkin.
Viacha sog‘liqni saqlash direktori Rita Nebraska mahalliy televideniyega bergan intervyusida yaradorlardan 14 nafari, jumladan uchinchi darajali kuyish olgan qizaloq La-Pasdagi kasalxonalarga yetkazilganini aytdi. Politsiya vakili Rojer Roka esa yetti kishi bedarak yo‘qolganini bildirdi.
Portlash natijasida bir qancha uylarning derazalari sinib, binolarga zarar yetgan. Nebraska o‘t o‘chiruvchilar voqea joyida hali ham issiqlik manbai saqlanib qolgani va yana portlash xavfi borligi sababli aholini kamida 150 metr masofada turishga chaqirganini qo‘shimcha qildi.
Hozirda voqea joyiga qutqaruvchilar, tibbiy guruhlar va tez yordam mashinalari safarbar etilgan bo‘lib, yaradorlarga yordam ko‘rsatilmoqda va zarar miqdori aniqlanmoqda. Portlashning aniq sababi hali noma’lum, tergov davom etmoqda.
Source: www.dw.com