Nepalda 7 sentabr kuni muzlik qulashi natijasida yuz bergan halokatli suv toshqini qurbonlari uchun umummilliy motam kuni deb e’lon qilindi. Mamlakatdagi barcha davlat muassasalari va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda davlat bayroqlari tushirildi.
Falokat 26 avgust kuni Nepal va Xitoyning Tibet mintaqasi chegarasida ro‘y berdi. Daryo o‘zaniga ulkan muz, loy va tosh massasi qulab tushishi natijasida kuchli toshqin yuzaga keldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 1380 nafarga yetdi, yana 5,5 mingdan ortiq kishining taqdiri noma’lum.
7 sentabr fojiadan keyingi 13-kun bo‘lib, hinduizm an’analariga ko‘ra, bu dafn motamining yakuniy kuni hisoblanadi. Halok bo‘lganlarning oilalari maxsus marosimlar o‘tkazmoqda, biroq hukumat rasmiy xotira tadbirlarini o‘tkazishdan bosh tortib, barcha kuchlarni qutqaruv ishlariga yo‘naltirdi.
Ayniqsa, vayron bo‘lgan 12 ta gidroelektr stansiyasi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ularda 900 ga yaqin xodim bedarak yo‘qolgan. Rasmiylarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 500 nafargacha odam hali ham yer osti tunnellarida qamalib qolgan bo‘lishi mumkin. Qutqaruv ishlariga Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya va AQShdan xalqaro guruhlar jalb etilgan.
Falokatning ko‘lamiga qaramay, qutqaruvchilar tirik qolganlarni topishga muvaffaq bo‘lmoqda. Suv ostida qolgan GES tunnelidan Xitoy fuqarosi qutqarib olindi, avvalroq ikki nepallik ishchi va o‘z uyi vayronalari ostidan bir mahalliy ayol tirik topilgan edi.
Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudel zararni baholash uchun jabrlangan hududlarga shaxsan tashrif buyurdi. Ayni paytda Katmanduda bedarak yo‘qolganlarning qarindoshlari hukumat binolari oldida qidiruv ishlarini tezlashtirishni talab qilib yig‘ilishgan. Ba’zi oilalar esa xabar kutmasdan, ramziy vidolashuv marosimlarini o‘tkazishgan.
Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudelga suv toshqini munosabati bilan hamdardlik bildirgan edi.
Source: podrobno.uz