Meksika huquq-tartibot idoralari mamlakatning eng qudratli va shafqatsiz narkokartellaridan biri bo'lgan "Xalisko yangi avlodi" (CJNG) tomonidan majburiy ravishda yollangan sakkiz kishini qutqarganini ma'lum qildi. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.
Sakkiz kishi Gvadalaxaradan taxminan 160 kilometr uzoqlikda joylashgan Xalisko shtatining Tekalitlan munitsipalitetidagi fermadagi yashirin klinikada topilgan. Shtat prokuraturasi tarqatgan suratlarda polda to'shaklar va qonga bo'yalgan devorlari bo'lgan xira yoritilgan xonalar ko'rsatilgan. Bir suratda narkotik savdogarlari tomonidan norasmiy homiy avliyo sifatida e'zozlanadigan Xesus Malverde tasviri tushirilgan kepka aks etgan.
Xalisko shtati prokurori Salvador Gonsalesning so'zlariga ko'ra, bu hudud "uyushgan jinoyatchilik tomonidan yollangan, u yoki bu sababga ko'ra ular bajargaan vazifalari bilan bog'liq holda jarohat olgan va tiklanishga muhtoj bo'lgan odamlarni boshpana qilish joyi" sifatida faoliyat yuritgan. U qurbonlar "erkinlikdan mahrum qilingan"ini qo'shimcha qildi. Qutqarilganlardan ikkitasi qo'ltiq tayoqchada edi. Hukumat noqonuniy giyohvand moddalar va narkotiklar, shuningdek qurol va o'q-dorilarni ham musodara qilganini ma'lum qildi. 21 yoshdan 48 yoshgacha bo'lgan oltita qo'riqchi ham hibsga olingan.
Tergovchilar bu joyni iyul oyining oxirida Gvadalaxara yaqinidagi Tlakepake shahridan uyidan taksi bilan fermadagi ish taklifiga javob berish uchun chiqib ketganidan so'ng bedarak yo'qolgan 20 yoshli yigitni qidirayotganda topdilar. Bu voqea 2025-yilda Xaliskoda joylashgan Teuchitlan shahridagi rancho hududida CJNGning taxminiy o'quv lageri topilgani haqidagi voqeani eslatadi. O'shanda fuqarolik qidiruv guruhi kiyim-kechak, yuk va inson qoldiqlarini topgan va 40 dan ortiq kishi hibsga olingan edi.
Meksika bo'ylab taxminan 134 ming kishi bedarak yo'qolgan deb hisoblanadi, Xalisko esa mamlakatda eng yuqori yo'qolganlar ko'rsatkichiga ega. Meksika hukumati o'tgan hafta yoshlarni jinoyatga jalb qilish uchun soxta ish takliflarini tarqatayotgan 1700 dan ortiq ijtimoiy tarmoq profillarini bloklaganini ma'lum qildi.
Source: www.aljazeera.com