Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Bolalar farovonligiga sarmoya” nomli xalqaro sammit doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Oʻzbekistonda 16 yoshga toʻlmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonunan cheklash tashabbusiga oʻz munosabatini bildirdi. Vazirning soʻzlariga koʻra, mazkur muammoni faqatgina qonuniy taqiqlar orqali hal qilib boʻlmaydi, chunki bu jarayon oilaviy muhit, ota-onalarning masʼuliyati va bolalarning boʻsh vaqtini toʻgʻri tashkil etish bilan chambarchas bogʻliqdir.
Shuningdek, vazir yangi texnologiyalar yosh avlodga taʼlim olish va rivojlanish uchun keng imkoniyatlar ochishi bilan birga, jiddiy xavflarni ham keltirib chiqarayotganini alohida taʼkidladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga tayanib, ekran qarshisida ortiqcha vaqt oʻtkazish, kamharakat turmush tarzi hamda notoʻgʻri ovqatlanish bolalar salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan asosiy omillar sirasiga kirishini qayd etdi. Oʻzbekistonda bolalar oʻlimi koʻrsatkichlari pasaygan boʻlsa-da, gadjetlarga qaramlik yangi chaqiruv sifatida yuzaga chiqmoqda.
Sherzod Shermatov toʻrt nafar farzandning otasi va sobiq taʼlim xodimi sifatida oʻzining shaxsiy kuzatuvlari bilan oʻrtoqlashib, ota-onalar baʼzida farzandini tinchlantirish uchun uning qoʻliga ataylab telefon tutqazib qoʻyishini tanqid qildi. Hatto oilaviy dasturxon atrofida ham yaqinlar bir-biri bilan dildan suhbatlashish oʻrniga ekranlarga termilib oʻtirishi jamiyatda chuqur ildiz otayotgan tashvishli holat ekanini bildirdi.
Qonunchilik choralarining samaradorligi haqida gapirar ekan, vazir dunyoning hech bir davrida barcha muammolarni bir kunda hal qiladigan yagona universal yechim mavjud emasligini taʼkidladi. Hatto qattiq cheklovlar joriy etgan mamlakatlarda ham bu masala toʻliq yechim topmagani sababli, mutaxassislar ishtirokida keng qamrovli dastur va aniq yoʻl xaritasini ishlab chiqish zarurligini ilgari surdi.
Source: www.gazeta.uz