Suriyaning bir nechta shaharlarida hukumat dizel va benzin narxlarini keskin oshirganidan so'ng norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar asosiy magistral yo'lni bir necha soat davomida to'sib qo'yishdi.
Hukumat yakshanba kuni dizel narxini 40 foizgacha, benzin narxini esa 28 foizga oshirdi. Rasmiylar bu o'sishni jahon bozorida yoqilg'i ta'minoti narxining keskin qimmatlashishi bilan bog'liq vaqtinchalik chora deb izohladi. Shuningdek, hukumat muhim ahamiyatga ega Banias neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishni ham narx oshishiga sabab sifatida ko'rsatdi. Zavod quvvati kuniga 80 ming barreladan 130 ming barrelgacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Norozilik namoyishlari Hama, Xon Shayxun va Maarat an-Numan shaharlarida qayd etildi. Al-Jazeera telekanali tarqatgan videolavhalarda olomon ko'chalarga to'planib, shinalarni yoqayotgani ko'rinadi. Narxlar oshishi ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg'in munozaralarga sabab bo'ldi.
Suriya energetika vaziri Muhammad al-Bashir shanba kuni ma'lum qilishicha, mamlakat hozirda kuniga taxminan 102 ming barrel neft ishlab chiqaradi, ichki iste'mol uchun esa kuniga 325 ming barrel talab qilinadi. Farq import hisobidan qoplanadi.
Energetika vazirligi jahon bozori sharoitlari o'zgarishiga qarab narxlarni qayta ko'rib chiqishni davom ettirishini va uzoq muddatli istiqbolda neftni qayta ishlash hamda saqlash quvvatlarini kengaytirish ustida ishlashini ma'lum qildi, deb xabar berdi davlatga qarashli SANA agentligi.
Suriyaning yoqilg'i ta'minoti 14 yillik urushdan so'ng iqtisodiy tiklanish va qayta qurish jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Source: www.aljazeera.com