Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Janubiy Koreyaning Seul markaziy okrug sudi Shimoliy Koreyani 2020-yilda Kaesong shahridagi Koreyalararo aloqa idorasini portlatib yuborgani uchun Janubiy Koreya hukumatiga 44,6 milliard von (taxminan 32,5 million dollar) miqdorida tovon to‘lashga majbur qildi. Bu haqda sud matbuot kotibi AFP agentligiga ma’lum qildi.

Ushbu sud jarayoni Janubiy Koreya hukumatining Shimoliy Koreya davlatidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar undirishga qaratilgan birinchi urinishi sifatida tarixda qoldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, da’vo 2023-yilda o‘sha paytdagi Janubiy Koreya rahbari Yun Sok Yol hukumati tomonidan qo‘zg‘atilgan. Yun Sok Yol Shimoliy Koreyaga nisbatan qattiq siyosat yuritgan, biroq o‘zi harbiy holat e’lon qilgani ortidan hokimiyatdan chetlashtirilgan edi.

Aloqa idorasi binosi 2018-yil sentabrida, o‘sha paytdagi Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In Pxenyanga uchinchi marta tashrif buyurishidan bir necha kun oldin ochilgan edi. Keyingi oylarda har ikki tomondan 20 ga yaqin rasmiy xodim ushbu idorada ishlagan, ammo 2020-yil yanvarida COVID-19 pandemiyasi tufayli faoliyat to‘xtatilgan.

2020-yil iyunida Pxenyan binoni portlatib yubordi. Bu voqea Janubiy Koreyadagi faollar chegaradan Shimoliy Koreyaga qarshi varaqalar tarqatganidan so‘ng yuzaga kelgan keskinlik avjida sodir bo‘ldi. Shimoliy Koreya ushbu idorani “foydasiz” deb atagan edi. Janubiy Koreya hukumatining ta’kidlashicha, u “zarur choralarni ko‘rib chiqadi”, biroq ekspertlar Pxenyanning tovon to‘lashi ehtimoli juda past deb hisoblaydi.

Koreyalararo munosabatlar 2018-yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqqan edi: Mun Chje In va Kim Chen In uch marta uchrashuv o‘tkazgan. Biroq 2019-yil fevralida Xanoyda Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuv muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng, munosabatlar keskin yomonlashdi. Ushbu sud qarori Janubiy Koreyaning Shimoliy Koreyaga nisbatan keskin siyosatining bir qismi bo‘lib, Pxenyan tomonidan hech qanday amaliy javob bo‘lmasligi mumkin.

Source: www.aljazeera.com