Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy CBS News telekanaliga bergan intervyusida uning prezidentlik samolyoti Moldovada bo‘lgan paytda Rossiya dronlari ikki marta ushbu mamlakat havo hududiga kirganini ma’lum qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisalar uning hayotiga bevosita tahdid solgan bo‘lishi mumkin.

“Mening prezidentlik samolyotim Moldovada edi, shu sababli ular Moldovaga hujum qildi. Ular Moldova havo hududidan foydalandi. Balki ular shaxsan menga hujum qilishni maqsad qilmagandir… Biz buni ommaviy axborot vositalariga oshkor qilmagandik, biroq yana Kishinyov orqali uyga qaytayotganimizda ular ayni shu ishni takrorladi”, — dedi Zelenskiy. Jurnalistning “Moskva shu yo‘l bilan sizni qo‘rqitishga urindimi?” degan savoliga u tasdiq javobini berdi.

Zelenskiy bu voqealarni Ukrainadan Polshaga yevropalik diplomatlar va rasmiylarni olib ketayotgan maxsus poyezd yaqinida Rossiya droni zarba bergani haqidagi hodisa bilan bog‘lab tushuntirdi. Uning fikricha, Rossiya poyezdda “yevropaliklar, amerikaliklar va yirik delegatsiyalar” borligini bilgan. “Va ular hujum uyushtirdi. Buni Moldovada, Ruminiyada, ba’zan esa Polshada tez-tez takrorlab turadi. Bu — bir protsess. Ular o‘z kuchini ko‘rsatmoqda va, bilasizki, ular bu kuch-qudratni namoyish etayotganda ularga hech kim javob qaytarmayapti”, — dedi Zelenskiy.

Avvalroq, 9-sentabr kuni Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore Zelenskiyning samolyoti Moldovadan Osloga uchayotganda dron bilan to‘qnashishiga bir baxya qolganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik Moldova hukumati matbuot xizmati mamlakat havo hududida dron paydo bo‘lgani sababli osmon yopilganini, shu bois Ukraina prezidenti samolyotining Kishinyovdan parvozi kechiktirilganini tasdiqlagan. Moldova Liberă nashrining yozishicha, havo hududidagi dron haqidagi xabar soat 16:30 da kelib tushgan. 17:20 dan keyin esa dron Kishinyov aeroportidan taxminan 160 kilometr uzoqlikdagi Rishkani tumanining Stariye Mixayleni qishlog‘i yaqinida portlagani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng cheklovlar bekor qilingan va Zelenskiyning samolyoti parvozga chiqqan.

AFP manbasi Ukraina prezidenti devonida Norvegiya bosh vazirining Zelenskiy samolyoti dron bilan sal qolsa to‘qnashishi mumkinligi haqidagi bayonotini “bo‘rttirish” deb atadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Zelenskiy samolyotiga nisbatan tahdid “asossiz” ekani va buni “ukrainaliklarning o‘zlari ham tan olgani”ni bildirdi. Bu bayonotlar xalqaro miqyosda keskin munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Source: www.gazeta.uz