Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson chap qanot muxolifati umumiy saylovlarda tor g'alaba qozonganidan so'ng iste'foga chiqishini ma'lum qildi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozgan xatida bildirdi. Kristerssonning so'zlariga ko'ra, endi hukumatni shakllantirishning keyingi bosqichini spiker boshqaradi va u darhol ish boshlashi uchun bosh vazir lavozimidan ozod etilishini so'ragan.
Payshanba kuni Shvetsiya saylov komissiyasi yakuniy natijalarni e'lon qildi: to'rtta chap qanot muxolifat partiyasi 349 o'rinli Riksdagda 176 o'rinni qo'lga kiritdi. Hukmron konservativ hukumatni qo'llab-quvvatlovchi to'rtta partiya esa 173 o rin oldi. Bu shuni anglatadiki, chap blok bor-yo'g'i uch o'rinlik tor farq bilan g'alaba qozondi. 10,6 million aholiga ega mamlakatda ikki tomon o'rtasidagi farq atigi 50 ming ovozni tashkil etdi.
Sobbiq bosh vazir Magdalena Anderssonning markaziy-chap sotsial-demokratlari qo'llab-quvvatlashning bir qismini yo'qotgan bo'lsa-da, eng yirik yagona partiya sifatida yakunlandi. Bu uning 2022-yilda yo'qotgan lavozimini qaytarish umidini kuchaytiradi, ammo chap qanot blokidagi mafkuraviy tafovutlar tufayli hukumatni shakllantirish qiyin kechadi. Blok sotsial-demokratlar, chap partiya, yashillar partiyasi va markaz partiyasidan iborat.
Andersson 2021-2022-yillarda Shvetsiyaning birinchi ayol bosh vaziri bo'lgan va bundan oldin yetti yil moliya vaziri lavozimida ishlagan. U, xususan, sotsialistik chap partiya va liberal markaz partiyasi o'rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishi kerak. Markaz partiyasi chap partiya vazirlar mahkamasi lavozimlarini egallashiga qarshi ekanini bildirgan, chap partiya esa vazir lavozimini talab qilmoqda. Andersson esa chap partiya ishtirok etgan hukumatni istisno qilgan, ammo parlamentda ularning qo'llab-quvvatlashini xohlaydi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Yevropadagi kam sonli chap qanot hukumatlaridan biriga rahbarlik qiluvchi siyosatchi, natijani olqishladi. U ijtimoiy tarmoqdagi postida: "Sotsial-demokratiya Shvetsiyada saylovlarda g'alaba qozondi. O'ng qanot va o'ta o'ng hukumatidan so'ng to'rt yil o'tib, shvedlar yana farovonlik davlati, ijtimoiy adolat va yashil kun tartibini qo'llab-quvvatlamoqda", deb yozdi. Parlament yangi bosh vazirni 29-sentabrdan oldin emas, ovozga qo'yishi mumkin.
Kristersson saylov kechasi Anderssonning hukumat tuzish urinishlarini hurmat qilishini aytdi, ammo chap blokdagi bo'linishlarni hisobga olib, unga "omad" tiladi. Shu bilan birga, kutilmagan natija: 2010-yilda parlamentga kirgan immigratsiyaga qarshi Shvetsiya demokratlari birinchi marta qo'llab-quvvatlashni yo'qotdi va 17,5 foiz ovoz to'pladi, bu 2022-yilgi saylovga nisbatan uch foiz punktga kam.
Source: www.aljazeera.com