Janubiy Afrikaning Gauteng provinsiyasida ikki oy ichida to‘qqiz nafar ayolning jasadi topilishi mamlakatda xavotirni kuchaytirdi. Politsiya ularning o‘limlari o‘zaro bog‘liq bo‘lishi va ketma-ket qotil yoki qotillar guruhi faol bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.
Juhannesburg sharqidagi Ekurhuleni munitsipalitetida topilgan so‘nggi jasad 30 yoshlar atrofidagi ayolga tegishli bo‘lib, uning tanasida pichoq jarohati va bo‘g‘zi kesilgani aniqlangan. Politsiya komissari Fred Kekananing so‘zlariga ko‘ra, jasad qurilish maydonchasi yaqinida o‘tkinchi tomonidan topilgan va darhol politsiyaga xabar berilgan.
Avvalroq tergovchilar dastlabki sakkiz qurbonning o‘limidagi o‘xshashliklar "politsiyani jamoatchilikni ogohlantirishga majbur qiladigan darajada xavotirli" ekanini ta’kidlagan edi. Kempton Park hududida blokada o‘rnatilib, yo‘l to‘siqlari qo‘yilgan. Politsiya boshlig‘ining o‘rinbosari Tebello Mosikili jurnalistlarga "jasadlarni yig‘ishda davom eta olmaymiz", degan.
Politsiya axborot evaziga 400 ming rand (taxminan 25 ming dollar) mukofot e’lon qildi. Gauteng provinsiyasi rahbari Panyaza Lesufi "kimdir bizga qarshi urush e’lon qildi, biz orqaga chekinmaymiz", deya qat’iy bayonot berdi. Prezident Kiril Ramafosa esa jinoyatlarni ochish uchun "hech qanday tosh ostida qolmadi" va bu voqealar jamiyatda, ayniqsa ayollar orasida qo‘rquv va noaniqlik tug‘dirayotganini aytdi.
Janubiy Afrika dunyodagi eng yuqori qotillik darajasiga ega mamlakatlardan biri bo‘lib, gender asosidagi zo‘ravonlik ham keng tarqalgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har uch ayoldan biri hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. Hukumat bu muammoga qarshi kurashish uchun milliy favqulodda holat e’lon qilgan.
Source: www.dw.com