Kuchli «Dujuan» to‘foni Yaponiyaning poytaxti Tokio yaqinida keng ko‘lamli suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘lib, 1,6 milliondan ortiq kishiga evakuatsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu haqda Kyodo agentligi mahalliy hokimiyatlarga tayanib xabar berdi.
Dushanba kuni «Dujuan» to‘foni soatiga taxminan 144 kilometr tezlikda shamol keltirib, Katsuura shahridan 130 kilometr janubda harakatlanayotgan edi. Tabiiy ofat minglab uylarni elektr ta’minotisiz qoldirdi. Kyodo News ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lgan.
Seshanba kuni erta tongda bo‘ron qirg‘oqdan uzoqlashib, Aleut orollari tomon shimoli-sharqqa qarab yo‘l oldi, shamol biroz pasaydi, deb xabar qildi Yaponiya meteorologiya agentligi (JMA). Agentlik vakili Takuya Xosomi ta’kidlashicha, ogohlantirishlar berilgan hududlarda «yomg‘ir to‘fon shimolga qarab harakatlanganda ham davom etishi mumkin».
Dushanba kuni Japan Airlines 135 ta, All Nippon Airways esa 140 ta reysni bekor qildi, natijada aeroportlarda yo‘lovchilar qolib ketdi. Japan Railways kompaniyasi Tokio va Osaka o‘rtasidagi tezyurar poyezdlar qatnovi to‘xtatilganini ma’lum qildi.
JMA yakshanba kuni yomg‘ir va shamol to‘fon kelishidan oldin ham kuchayishini ogohlantirgan edi. «Seshanba kuniga qadar yog‘ingarchilik sentyabr oyining o‘rtacha oylik normasidan oshib, rekord darajadagi kuchli yomg‘irga olib kelishi mumkin», — deyiladi agentlik bayonotida.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kamakura stansiyasi oldidagi suv bosgan yo‘llar tasvirlari tarqaldi. Kamakura meri Takashi Matsuo X tarmog‘ida: «Shaharning turli qismlarida suv toshqini kuzatilmoqda, avtomobilda harakatlanish xavfli», — deb yozdi. Suv toshqinlari Tokio sharqidagi Ichikawa shahrining ayrim qismlarini ham qamrab oldi.
«Dujuan» dushanba kuni dunyodagi eng yirik video o‘yinlar ko‘rgazmalaridan biri bo‘lgan Tokyo Game Show’ning so‘nggi kunini erta yopishga majbur qildi. Chibada o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik ochiq havoda musiqa festivali va beysbol o‘yini ham bekor qilindi. «Dujuan» Yaponiyada bu yilgi 25-to‘fon bo‘lib, mamlakatda kuchli to‘fonlar ko‘pincha yoz oxiri va kuz boshida kuzatiladi.
Source: www.aljazeera.com