BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasi ochilishida sun’iy intellekt asosiy mavzulardan biriga aylandi. Dunyoning yetakchi davlatlari rahbarlari avtonom qurollardan tortib dezinformatsiya, texnologik qudratning bir qo‘lda to‘planishi va ish o‘rinlarining yo‘qolib ketishigacha bo‘lgan barcha xatarlardan ogohlantirdi. Biroq keyingi qadamlar borasida deyarli umumiy yakdillik bo‘lmadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 22-sentabrdagi nutqida sun’iy intellektni xalqaro darajada nazorat qilishga bo‘lgan urinishlarni rad etib, raqobat va jadal rivojlanishga e’tibor qaratdi. U AQSh hukumati hujjatlarida sun’iy intellekt endilikda “super intellekt” deb atalishini ma’lum qildi va “sun’iy” so‘zi mazkur texnologiyaning asl ahamiyatini pasaytirib ko‘rsatishini ta’kidladi. “Super intellekt poygasida kim g‘alaba qozonsa, barchasini o‘sha yutadi”, — dedi Tramp hamda AQSh hozircha Xitoydan oldinda ekanin va bu yetakchilikni saqlab qolmoqchiligini qo‘shimcha qildi. U sun’iy intellekt rivojini sekinlashtirmasligini ma’lum qildi, chunki “u avvalgi sanoat inqiloblaridan ham ahamiyatliroq bo‘lishi mumkin”. Shu bilan birga, u AQSh ushbu texnologiyani Adliya vazirligi va boshqa huquq-tartibot idoralari orqali monitoring qilib borishini hamda uning “xavfsiz va mas’uliyatli” rivojlanishini ta’minlashini bildirdi.
Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdog‘an sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro huquqiy me’yorlarni ishlab chiqishga chaqirdi. “Sun’iy intellekt uchun yagona xalqaro huquqiy asosni shakllantirish vaqti allaqachon yetib keldi”, — dedi Erdog‘an. U BMTning sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro konvensiyasini tayyorlash va uni amalga kiritish ishlarini tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. “Sun’iy intellekt bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq etish harakatlarini jadallashtirish juda muhim”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornem ilg‘or sun’iy intellektning imkoniyatlari bilan bir qatorda uning xatarlariga ham e’tibor qaratdi. U Buyuk Britaniyada sun’iy intellekt allaqachon saraton tashxisini tezlashtirayotganini, sog‘liqni saqlash, ta’lim va iqtisodiyotni butkul o‘zgartirishi hamda xavfsizlikning muhim omiliga aylanishi mumkinligini ta’kidladi. “SI, shuningdek, hayot tarzimiz va mehnat faoliyatimizni izdan chiqaruvchi manba — xavf-xatarlarni kuchaytiruvchi omil bo‘ladi”, — deya ogohlantirdi u. “Ushbu texnologiyaga doir fundamental qarorlar tasodiflarga topshirib qo‘yilmaydigan darajada o‘ta muhim”, — dedi bosh vazir xalq tomonidan saylangan hukumatlar mazkur tanlovlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmalarida saqlab qolishlari lozimligini ta’kidlab. U Buyuk Britaniya 2027-yildagi G20 raisligida sun’iy intellekt masalasini kun tartibining markaziga qo‘yishini hamda shaffoflik, ochiqlik, tayyorgarlik va xavfsiz rivojlanishni ta’minlash uchun “yagona global tamoyillar va standartlar majmui”ni yaratish ustida ishlashini e’lon qildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSh va Xitoyga yoki oz sonli texnologik gigantlarga sun’iy intellekt bo‘yicha qarorlar qabul qilishda hukmronlik o‘rnatishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligidan ogohlantirdi. “Barcha qarorlarni faqat ikki qudratli davlat — AQSh va Xitoy qabul qiladi, deb bizni ishontirmoqchi bo‘lganlar bor. Ular butun jarayonni sanoqli iqtisodiy o‘yinchilargina boshqaradi, degan fikrni singdirmoqchi”, — dedi u. U davlatlarni o‘zlarining milliy SI salohiyatini rivojlantirishga va SI modellari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishga chaqirib, ular bir hovuch xususiy kompaniyalarga qaram bo‘lib qolmasligi kerakligini bildirdi. Makron, shuningdek, sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro hamkorlikni, jumladan, barcha davlatlar foydalana oladigan ochiq kodli ilg‘or modelni birgalikda yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. “Aksincha, biz birlashib, barcha uchun ochiq va ilg‘or bo‘lgan zamonaviy modelni yaratishimiz lozim”, — dedi u. Makron Yevropaning SI faoliyatini tartibga soluvchi qoida va tamoyillarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarini muqobil model sifatida ko‘rsatib o‘tdi.
Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva yirik texnologik kompaniyalar va sun’iy intellekt faoliyatini qat’iyroq tartibga solishga chaqirib, nazoratsiz kechayotgan texnologik poygadan ogohlantirdi. “Yirik texnologik kompaniyalar va sun’iy intellektni tartibga solish masalasiga e’tibor qaratmaslik kechirib bo‘lmas tarixiy beparvolik bo‘lar edi”, — dedi Lula. U bir guruh “texno-oligarxlar”ni “axloqiy chegaralardan tashqaridagi poygalarni” olib borishda hamda BMT va uning SI bo‘yicha ilmiy guruhini chetlab o‘tishda aybladi. Lula korporativ mas’uliyatni oshirishga ham chaqirib, o‘z mahsulotlarining xatarlaridan xabardor bo‘lgan kompaniyalar algoritmlar keltirib chiqarayotgan muammolar yukini oilalar zimmasiga yuklayotganini aytdi.
Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb sun’iy intellektni ilm-fan, iqtisodiyot, siyosat va xavfsizlik qiyofasini butkul o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan texnologiya deb atadi. U insoniyat ushbu soha rivoji ustidan nazoratni o‘z qo‘lida saqlab qolishi kerakligini ta’kidladi. “Sun’iy intellekt — insoniyat tarixidagi eng katta ta’sirga ega texnologiyadir. Ayni paytda, inson boshqaruv rulida bo‘lishi shart”, — dedi Stubb. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar SI bo‘yicha tanlov qarshisida turibdi: “Biz raqobatlashishimiz, hamkorlik qilishimiz yoki sur’atni sekinlashtirishimiz mumkin”. Shuningdek, u hamkorlik qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekanini ta’kidladi. Stubb Finlyandiya va Norvegiya boshqa mamlakatlar bilan birgalikda kompaniyalar, hukumatlar, mintaqaviy tashkilotlar va BMTga murojaat qilib, eng ilg‘or SI modellarini nazorat qilish mexanizmlarini ishlab chiqishga da’vat etganini bildirdi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish insoniyat “borgan sari hokimiyatni mashinalarga topshirayotgani”dan ogohlantirdi hamda ilgari faqat insonlarga xos bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda sun’iy intellekt va avtonom qurollarning roli oshib borayotganiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, SI ma’lumotlar, hisoblash quvvati va algoritmlar vositasida kuch-qudratni o‘zida jadal to‘plamoqda, biroq insoniyat uning oqibatlarini to‘liq anglab yetishga ulgurmayapti. “Xavf texnologiyaning o‘zida emas. Haqiqiy xavf — hisobdorlikdan mahrum bo‘lgan texnologiyadir”, — dedi Guterrish va hukumatlarni SI xatarlarini boshqarishda mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishga chaqirdi. U eng ilg‘or SI salohiyatiga ega mamlakatlarni yuzaga kelayotgan xavfsizlik tahdidlari bo‘yicha ma’lumot almashishga, tizimlarni sinovdan o‘tkazish va baholashda hamkorlik qilishga hamda umumiy himoya choralarini ishlab chiqishga undadi. Guterrish, shuningdek, ishonchli va mustaqil nazoratga asoslangan SI xatarlarini ko‘p tomonlama boshqarish tizimini yaratishga chaqirdi va sun’iy intellekt “insoniyat tomonidan, insoniyat bilan birga va butun insoniyat manfaati uchun shakllantirilishi” kerakligini aytdi. BMT rahbari, ayniqsa, bolalar himoyasi va harbiy harakatlar bo‘yicha qat’iy kafolatlar zarurligini alohida ta’kidladi: “Bolalar hech qachon tartibga solinmagan tizimlarning sinov maydoniga aylanmasligi kerak”, — dedi u. Shuningdek, u “hayot-mamotga oid qarorlar hech qachon mashinalarga topshirilmasligi lozim”ligini qo‘shimcha qilib: “Qotil robotlarga bizning kelajagimizda aslo o‘rin bo‘lmasligi shart”, — dedi.
Source: www.gazeta.uz