Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich o'z lavozimini tark etdi. U iste'foga chiqish to'g'risidagi arizani imzolagan. Bu haqda Serbia Danas tomonidan olib borilgan to'g'ridan-to'g'ri translyatsiya orqali ma'lum bo'ldi, deb xabar beradi RBK.

Vuchich Belgraddagi prezident saroyi oldida mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, shunday dedi: "Qanchalik ko'p ish qilmaylik, ko'plab xatolarga yo'l qo'yganimizni va bu xatolarni shaxsan men qilganimni bilaman. Menga ikki bor ulkan ishonch bildirib, shu orqali inson zimmasiga yuklanishi mumkin bo'lgan eng oliy burch va mas'uliyatni topshirgan fuqarolardan minnatdorman".

Serbiya Skupshinasi (parlamenti) raisi Ana Brnabich davlat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanadi. Vuchichning qo'shimcha qilishicha, dekabr oyining oxiriga qadar mamlakatda prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi bo'lib o'tishi lozim.

"Nega bunday qildim? Axir saylovga amaldagi respublika prezidenti maqomida ham borishim mumkin edi. Hatto ko'plab do'stlarim, xorijiy davlatlar rahbarlari ham hayrat bilan: "Nega bunday qilyapsiz? Nega lavozimdan ketyapsiz?" — deb so'rashdi", — deya ta'kidladi u. U mazkur qarorni adolatli deb bilishini ma'lum qildi.

"Jamiyatdagi zo'ravonlik haqida tinmay bong urganlar doimo muloqotdan qochib keldi. Fikrlar birdamligi uchun eng qat'iy kurashganlar doimo shu haqda gapirdi, ammo boshqacha fikrlaydiganlarni sira eshitishni istashmadi. Men esa muloqotni to'rt-besh yil oldin ham, ikki-uch yil oldin ham va bir yil oldin ham taklif qilganman", — dedi Vuchich.

Vuchich o'z vakolatlarini topshirish niyatini 11-sentabrda ma'lum qilgandi. U AQShga tashrifi yakunlanganidan so'ng iste'foga chiqishni rejalashtirayotganini bildirgan. Shuningdek, Serbiya qonunchiligiga ko'ra saylovoldi kampaniyasi boshlangunga qadar lavozimni tark etishga majbur emasligini, biroq bu uning shaxsiy qarori ekanini ta'kidlagan.

Aleksandr Vuchich Serbiya prezidentligi lavozimini 2017-yil 31-maydan buyon egallab kelmoqda. 2022-yilda u ikkinchi muddatga qayta saylangan bo'lib, uning vakolat muddati 2027-yil 31-mayda tugashi kerak edi. Serbiya Konstitutsiyasiga binoan bir shaxs ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi mumkin emas (prezidentlik davri — 5 yil). Prezidentlikdan avval Vuchich 2014-yildan 2017-yilgacha bosh vazir lavozimida ishlagan.

Sentabr oyi boshida Serbiya hukumati bosh vazir Juro Matsut tashabbusini ma'qullab, Vuchichga parlamentni tarqatib yuborishni taklif qilgan edi. "Saylovlar hech qachon davlat ojizligining belgisi bo'lmagan. Saylovlar — erkin va demokratik Serbiyaning bukilmas qudrati isbotidir", — deb bayonot bergan edi Matsut.

Bundan oldin hukmron Serb taraqqiyot partiyasi (STP) raisi Milosh Vuchevich Vuchich bo'lajak parlament saylovlarida partiya ro'yxatiga boshchilik qilishi va uning bosh vazirlikka nomzodi bo'lishini e'lon qilgandi. Prezidentning o'zi tushuntirishicha, u respublika parlamenti uchun ovoz berish kampaniyasida "oddiy fuqaro sifatida" ishtirok etish niyatida bo'lgani sababli saylovlardan oldin iste'foga chiqmoqda.

Serbiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari 25-oktabrga belgilangan. Ularni o'tkazishni Vuchich mamlakatdagi uzoq davom etgan norozilik namoyishlaridan so'ng — 2025-yil dekabrida e'lon qilgandi. Namoyishchilarning asosiy talablaridan biri qonun chiqaruvchi organga muddatidan oldin saylovlar o'tkazish edi. Serbiya rasmiylari norozilik namoyishlari ortida tashqi kuchlar turishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Source: www.gazeta.uz