AQShning Michigan shtati Detroyt shahrida tungi strip-klubda sodir bo‘lgan otishma natijasida kamida 3 kishi halok bo‘ldi va yana 4 kishi yaralandi. Bu haqda shahar politsiyasi rahbari Todd Bettison jurnalistlarga ma’lum qildi.
Voqea mahalliy vaqt bilan yakshanba kuni ertalab soat 7:20 atrofida (GMT 11:20) ro‘yxatga olingan. Politsiya xodimlari to‘rt daqiqa ichida yetib kelib, uch kishining o‘limga olib keladigan o‘q jarohatlarini aniqladilar. Halok bo‘lganlarning barchasi 30 yoshdan katta bo‘lgan, ammo hozircha ularning shaxsi oshkor etilmagan.
Yana to‘rt kishi – 20 va 30 yoshlardagi ikki erkak va ikki ayol – kasalxonalarga yotqizildi. Ularning jarohatlari hayot uchun xavfli emasligi ma’lum qilindi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, otishma klubda yuz bergan janjal ortidan boshlangan. «Mushtlashuv yuz berdi, janjal chiqdi va natijada odamlar buni qurol bilan hal qilishga qaror qildilar», – dedi Bettison.
Hozircha hech kim hibsga olinmagan, biroq tergovchilar izlar topgani va jamoat uchun xavf mavjud emasligi aytilmoqda. Bu manzil politsiyaga avvaldan tanish bo‘lgan: yil boshidan buyon bu joyga nisbatan yetti marta qo‘ng‘iroq kelib tushgan. Bettisonning so‘zlariga ko‘ra, bu manzil bo‘yicha ham tekshiruv olib borilmoqda.
Detroyt meri Meri Sheffild shahar ma’muriyati noqonuniy tungi faoliyatga qarshi kurashni kuchaytirishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muassasalar uylarda yoki biznes binolarida tashkil etilishidan qat’i nazar, ularga chek qo‘yiladi. Sheffild shahar jamoalarida bunday noqonuniy operatsiyalarning oldini olish uchun «qo‘lidan kelgan hamma narsani» qilishga va’da berdi.
Source: www.aljazeera.com