Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida navbatdagi tashkiliy xatolik yuz berdi: Janubiy Koreya erkaklar voleybol jamoasini tashuvchi avtobus ularni belgilangan mashg‘ulot joyiga emas, balki bir soat uzoqlikdagi boshqa maskanga olib bordi.
Janubiy Koreya voleybol assotsiatsiyasi rasmiysining AFP agentligiga ma’lum qilishicha, dushanba kuni ertalab Tayvan bilan guruh o‘yinidan oldin jamoa mashg‘ulot o‘tkazishi kerak edi, biroq tashkilotchilar tomonidan ajratilgan avtobus sportchilarni Inuyama o‘rniga Okazaki shahriga olib ketgan. Vaqt yo‘qotilgani sababli mashg‘ulot bekor qilinib, Koreya Olimpiya qo‘mitasi (KSOC) orqali rasmiy shikoyat berilgan.
Shunga qaramay, janubiy koreyaliklar kechki o‘yinda Tayvan ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ammo bu voqea Osiyo o‘yinlarida takrorlanayotgan tashkiliy muammolarning yana bir ko‘rinishi bo‘ldi. Aichi-Nagoya o‘yinlarida 17 mingdan ortiq sportchi va rasmiylarning turar joyi hamda transporti bilan bog‘liq muammolar asosiy shikoyat mavzusiga aylangan.
O‘tgan hafta Janubiy Koreya erkaklar basketbol jamoasi Yaponiya bilan final oldidan mashg‘ulotni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan edi – ularning avtobusi kelmagan. Bu xatolik natijalarga ta’sir qilmadi va koreyaliklar chempion bo‘lishdi. Dushanba kuni esa Pokiston erkaklar voleybol jamoasi O‘zbekistonga qarshi o‘yin uchun noto‘g‘ri arenaga olib ketilib, o‘yin 45 daqiqaga kechiktirildi.
Pokiston terma jamoasi sardori Murad Jehan avtobusdan Instagram orqali video joylashtirib, “Bu Yaponiyaning Osiyo o‘yinlaridagi navbatdagi noto‘g‘ri boshqaruvi”, deya norozilik bildirdi. Mahalliy tashkiliy qo‘mita vakilining so‘zlariga ko‘ra, Pokiston va Janubiy Koreya jamoalari bir xil turar joydan chiqqan va “jamoalarni avtobuslarga taqsimlashda xatolik” yuz bergan. Har ikki jamoa noto‘g‘ri manzilga yo‘l olgan avtobusga chiqqan.
“Ikkala jamoaga ham yetkazilgan noqulaylik uchun chin dildan uzr so‘raymiz. Tashkiliy qo‘mita bu holatga jiddiy yondashadi. Bu oddiy narsa bo‘lsa-da, jamoalarni avtobuslarga to‘g‘ri taqsimlash va yo‘nalishlarni aniq ko‘rsatishni yana bir bor ta’minlaymiz, takrorlanishining oldini olishga harakat qilamiz”, — dedi qo‘mita vakili.
Source: www.aljazeera.com