Argentina prezidenti Xaver Milei Buyuk Britaniyaga Folklend orollari yaqinidagi neft loyihasini to'xtatish uchun ikki hafta muhlat berdi. Aks holda xalqaro sudga murojaat qilish bilan tahdid qildi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog'ida yozdi.
Milei ma'muriyati Sea Lion loyihasini noqonuniy deb hisoblaydi va Buyuk Britaniyani BMT rezolyutsiyasini buzayotganlikda ayblaydi. Argentina tashqi ishlar vazirligi va huquqiy guruhlarga Xalqaro dengiz huquqi tribunaliga da'vo arizasini tayyorlashni topshirdi.
Argentina, shuningdek, loyihada ishtirok etayotgan kompaniyalarni mamlakatning neft va kon sanoatidan chetlashtirish bilan tahdid qilmoqda. Kongressga orollar atrofida ruxsatsiz resurs qazib olish uchun 20 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasi yuborilgan. Hozirda 60 dan ortiq kompaniya va rahbarlar tekshirilmoqda.
Sea Lion — Folklend orollaridan 220 km shimolda joylashgan yirik dengiz neft koni. Uni Isroilning Navitas Petroleum va Britaniyaning Rockhopper Exploration kompaniyalari orol hukumati bergan litsenziyalar asosida o'zlashtirmoqda. Neft qazib olish 2028-yilda boshlanishi kutilmoqda. Kompaniyalar Argentinaning e'tirozlarini rad etib, litsenziyalari qonuniy ekanligini ta'kidlamoqda.
Buyuk Britaniya ham Folklend orollari aholisining tabiiy resurslarini rivojlantirish huquqini himoya qilmoqda. Orollar 1833-yildan beri Britaniya nazoratida, ammo Argentina ularni Malvinas deb atab, suverenitet da'vo qiladi. 1982-yilda Argentina orollarni bosib olgan va 10 haftalik urush boshlangan. Urushda 649 argentinalik harbiy, 255 britaniyalik askar va 3 orol aholisi halok bo'lgan. 2013-yilgi referendumda aholining 99,8 foizi Britaniya hududi bo'lib qolishni qo'llab-quvvatlagan, ammo Argentina referendumni tan olmaydi.
Source: www.dw.com