Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari, so‘l qanot vakili Luiz Inasiu Lula da Silva hamda sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘g‘li, senator Flavio Bolsonaro o‘rtasida shiddatli raqobat kechmoqda. So‘nggi jamoatchilik so‘rovlari nomzodlarning imkoniyatlari deyarli teng ekanini va kurash ikkinchi turga o‘tishi ehtimoli yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda.
Sakkson yoshli Lula da Silva San-Paulu shahrida o‘tkazilgan ommaviy miting bilan o‘z tashviqot kampaniyasini yakunladi. U o‘z nutqida o‘ng qanot kuchlarini keskin tanqid qilib, ushbu saylovni «demokratiya va vahshiylik» o‘rtasidagi tanlov deb atadi. Lula an’anaviy ravishda ijtimoiy dasturlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan taraqqiyot va daromadlarni qayta taqsimlash g‘oyalarini ilgari surmoqda.
45 yoshli senator Flavio Bolsonaro esa qat’iy xavfsizlik choralari, soliqlarni kamaytirish va iqtisodiy qiyinchiliklarga barham berish shiorlari ostida harakat qilmoqda. U amaldagi prezidentni layoqatsizlikda ayblab, agar g‘alaba qozonsa, 2022-yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib 27 yilga qamalgan otasi Jair Bolsonaruni afv etishga va’da berdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, saylov kampaniyasi jiddiy siyosiy qutblanish, o‘zaro ayblovlar va dezinformatsiya xurujlari ostida o‘tdi. Shuningdek, Flavio Bolsonaruning AQSh rejimi va Donald Tramp bilan yaqin aloqalari Lulaning tarafdorlari tomonidan Braziliya suverenitetiga tahdid sifatida baholanmoqda. O‘z navbatida, AQSh rejimining sobiq prezidentiga nisbatan avval kiritilgan tarif bosimlari mamlakat iqtisodiy munosabatlariga ta’sir ko‘rsatgan.
Quaest tadqiqot markazi e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi turda Lula da Silva 46 foiz, Flavio Bolsonaro esa 45 foiz ovoz olishi kutilmoqda. Agar nomzodlarning hech biri 50 foizlik dovonni oshib o‘tolmasa, 25-oktabr kuni ikkinchi tur ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.
Source: www.dw.com