Ispaniyaning shimoli-sharqidagi Kataloniya muxtoriyatida yuz bergan kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlari oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Mahalliy idoralar Barselona va Jirona viloyatlari bo‘ylab favqulodda xavf darajasini e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Daryolarning qirg‘oqlaridan toshib ketish xavfi ortgani sababli aholiga uylaridan chiqmaslik tavsiya etildi, biroq kommunal tizimlarning tayyorgarliksizligi yana jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.
O‘t o‘chiruvchilar va qutqaruv xizmatlarining xabariga ko‘ra, Barselona shimolidagi Tordera lagerida devor qulashi natijasida bir fuqaro halok bo‘lgan. Yana bir qurbon esa Montornes-del-Valyes shaharchasidagi suv bosgan yerosti garajida cho‘kib ketgan. Shuningdek, Pineda-de-Mar hududida yo‘qolgan yana bir shaxsni qidirish ishlari davom etmoqda. Kataloniya mintaqaviy rejimi rahbari Salvador Iilya fuqarolarni ehtiyot choralariga amal qilishga chaqirgan bo‘lsa-da, infratuzilmaning bunday keskin vaziyatlarga bardosh berolmayotgani jamoatchilikda haqli e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda.
Milliy meteorologiya agentligi (AEMET) ma’lumotlariga ko‘ra, bir kechaning o‘zida mintaqaning qator hududlariga 100 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘gan. Besos daryosi yaqinida istiqomat qiluvchilarga toshqin xavfi to‘g‘risida ogohlantirishlar yuborilgan va ularga binolarning yuqori qavatlariga ko‘tarilish buyurilgan. Granolyers va unga qo‘shni aholi punktlarida o‘nlab avtomobillar suv ostida qolgan, qutqaruvchilar ko‘chalarda qamalib qolgan odamlarni maxsus vositalar yordamida evakuatsiya qilishga uringan.
Tabiiy ofat oqibatida Barselona xalqaro aeroportida parvozlar kechiktirildi yoki butunlay bekor qilindi, mahalliy temir yo‘l qatnovlari esa deyarli to‘xtab qoldi. Savdo majmualari, madaniy va sport tadbirlari muddatidan oldin yopildi. Ispaniyada "DANA" deb ataluvchi sovuq havo oqimi o‘rta yer dengizining nam havosi bilan to‘qnashishi oqibatida yuzaga keladigan ushbu hodisa, Yevropa Ittifoqiga a’zo ushbu mamlakatda ob-havo o‘zgarishlariga qarshi tizimli choralar hali ham yetarli darajada emasligini ko‘rsatib berdi.
Source: www.dw.com