Sudan qurolli kuchlari (SAF) mamlakatda davom etayotgan qonli fuqarolar urushida tezkor harakat kuchlariga (RSF) qarshi janglarda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishayotganini ma’lum qildi. Rasmiy manbalarning xabar berishicha, shiddatli to‘qnashuvlardan so‘ng Shimoliy Kordofan shtatidagi strategik ahamiyatga ega al-Mazrub shahri armiya nazoratiga o‘tgan. Mazkur hudud isyonchilarning asosiy tayanch punktlaridan biri hisoblanib, uning qo‘lga kiritilishi harbiylarga Shimoliy va G‘arbiy Kordofan o‘rtasidagi muhim ta’minot zanjirlarini uzib qo‘yish imkoniyatini berdi.
Shu bilan birga, janubi-sharqda joylashgan Moviy Nil shtatida ham harbiy harakatlar kuchaydi. Sudan armiyasining To‘rtinchi piyoda diviziyasi RSF hamda unga ittifoqchi bo‘lgan «Sudan xalq ozodlik harakati-Shimol» (SPLM-N) guruhiga Minza va Bashkarkad hududlarida qaqshatqich zarba berilganini ochiqladi. Hujum natijasida dushmanning ko‘plab tirik kuchi va texnikasi yo‘q qilingani aytilmoqda. Bundan tashqari, Moviy Nil gubernatori o‘z qarorgohiga yo‘llangan dushman dronlari havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilganini tasdiqladi.
2023-yilning aprel oyida poytaxt Xartumda boshlangan qurolli to‘qnashuv hozirda mamlakatning 18 shtatidan 13 tasini qamrab olgan. Hozirgi kunda Sudan armiyasi poytaxt Xartumni, shuningdek mamlakatning shimoliy, sharqiy va markaziy qismlarini nazorat qilmoqda. O‘z navbatida, RSF tuzilmalari g‘arbdagi deyarli butun Darfur viloyatini va Kordofanning ayrim qismlarini o‘z qo‘lida ushlab turibdi. Tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, butun urush davomida qayd etilgan harbiy to‘qnashuvlarning salkam 20 foizi aynan Kordofan mintaqasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Frontdagi beqarorlik va shiddatli janglar Sudandagi misli ko‘rilmagan gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga binoan, urush oqibatida 14 milliondan ortiq kishi o‘z uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, 19,5 million aholi (mamlakatning 40 foizdan ziyodi) o‘tkir ocharchilik changalida qolmoqda. Valyutaning qadrsizlanishi va iqtisodiy inqiroz tufayli oziq-ovqat mahsulotlari oddiy fuqarolar uchun yetib bo‘lmas darajaga yetdi.
Source: www.aljazeera.com