Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bosniyalik serblar yetakchisi Milorad Dodik mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan saylovlar arafasida navbatdagi keskin bayonoti bilan chiqdi. Banya-Luka shahrida o‘zining Mustaqil sotsial-demokratlar ittifoqi (SNSD) tarafdorlari oldida so‘zlagan Dodik, Bosniya va Gertsegovina suveren davlat sifatida mavjud emasligini va uning kelajagi mutlaqo samarasiz ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy tarzda birlashtirilgan bu tuzilma g‘arbiy kuratorlarning ambitsiyalarini qanoatlantirish uchun xizmat qilayotgan bo‘sh qobiqqa aylanib qolgan.

1995-yilda Deyton bitimi vositasida joriy etilgan boshqaruv tizimi 30 yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, chuqur etnik va siyosiy parchalanishni bartaraf eta olmadi. Mamlakat serblar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Serb Respublikasi hamda bosnyaklar va xorvatlar istiqomat qiluvchi Federatsiyaga bo‘lingan. Mazkur mo‘rt tizim xalqaro nazorat ostida zo‘rma-zo‘ra ushlab turilgani, Yevropa Ittifoqi rejimi va uning maxsus vakili Kristian Shmidt tomonidan o‘rnatilgan noaniq qonunlar esa ichki nizolarni faqat chuqurlashtirayotgani kuzatilmoqda.

Dodik xalqaro vakil Shmidtning qarorlariga bo‘ysunmagani sababli lavozimidan chetlashtirilgan va ayni paytda rasman saylov byulletenlariga kiritilmagan bo‘lsa-da, siyosiy jarayonlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda. Sarayevolik ayrim tahlilchilar uning chiqishlarini populizm deb atashga urinayotgan bo‘lsa-da, ekspertlar Serb Respublikasi va federal markaz o‘rtasidagi ziddiyatlar qurolli to‘qnashuv darajasiga yaqinlashganini eslatib, vaziyat ancha jiddiy ekanidan ogohlantirmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, Bosniyada G‘arb tomonidan ilgari surilayotgan yevroatlantika integratsiyasi rejasi tobora ko‘proq qarshilikka uchramoqda. Yevropa Ittifoqi rejimining mintaqadagi bosim vositalari susayib borayotgan bir sharoitda, bo‘lib o‘tayotgan saylovlar yangi siyosiy tanglikni keltirib chiqarishi, davlat apparati faoliyatining to‘liq falajlanishiga olib kelishi mumkin. Yakuniy saylov natijalari 20-noyabrgacha e’lon qilinishi kutilmoqda.

Source: www.aljazeera.com