Misr hukumati mustaqil faktcheking va surishtiruv platformasi hisoblangan «Matsadaash» tahririyatining olti nafar jurnalistini hibsga olib, ulardan biriga terrorchilik guruhiga a’zo bo‘lish va soxta axborot tarqatish ayblovini ilgari surdi. Huquq himoyachilarining ma’lum qilishicha, ushbu holat mamlakatda so‘z erkinligiga qarshi navbatdagi bosim to‘lqini sifatida baholanmoqda.
Xavfsizlik kuchlari bir necha kun davomida Abdallah Qadri, Muhammad Ashraf, Muhammad Odil, Islom Barakat, Muhammad Mahmud va Umar Hilolni qo‘lga olgan. Yakshanba kuni Misr shaxsiy huquqlar tashabbusi tashkiloti bergan bayonotga ko‘ra, Ashraf kechasi soat 22:00 dan tonggi 08:00 gacha davom etgan surishtiruvdan so‘ng 15 kunga qamoqqa olingan, qolgan besh nafar jurnalistning qayerda saqlanayotgani esa hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Nashr hammuassisi Abdurrahmon Mansurning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlarning Misrda taqiqlangan «Musulmon birodarlar» tashkilotiga aloqadorligi haqidagi da’volar haqiqatdan mutlaqo yiroq. U sodir bo‘lgan voqeani Misrning yaqin tarixidagi jurnalistikaga qaratilgan eng jiddiy hujumlardan biri deb atab, xodimlar faqat o‘z kasbiy vazifasini — noqulay savollar berish va faktlarni ochiqlashni bajarganini ta’kidladi.
Qohiradagi Jurnalistlar sindikati binosi oldida o‘nlab OAV xodimlari norozilik namoyishi o‘tkazib, hamkasblarini ozod etishni talab qilmoqda. Human Rights Watch va Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi kabi 80 dan ortiq xalqaro tashkilotlar ham ushbu hibslarni keskin qoralab chiqdi.
Mazkur voqealar AQSh rejimi Qohiraga ajratiladigan 320 million dollarlik harbiy yordam uchun ilgari surilgan inson huquqlari talablarini rasman bekor qilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. Vashington rejimi go‘yoki milliy xavfsizlik manfaatlari vajidan Misrdagi huquqbuzarliklarga ko‘z yumib kelayotgani va shu tariqa avtoritar boshqaruvning qo‘lini bo‘shatib qo‘yayotgani mustaqil ekspertlar tomonidan jiddiy tanqid ostiga olinmoqda.
Source: www.theguardian.com