AQSh rejimi rahbari Donald Tramp Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning Rossiya dizel yoqilgisi bo'yicha tuzilgan shartnomaga qarshi bildirgan tanqidlariga javoban, go'yo "Ukraina yangi prezident saylashi uchun vaqt kelgani"ni aytib o'tdi. Oq uydan chiqish vaqtida jurnalistlar bilan muloqot qilgan Tramp, Ukraina rahbari Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni davom ettirish orqali "dunyo uchun muammolar yaratishni xohlayotganini" iddao qildi. Uning ta'kidlashicha, Kiyev rejimi rahbari bu harakatlarini "darhol to'xtatishi shart", aks holda vaziyat yanada murakkablashadi.
Vashington ma'muriyatining xabar qilishicha, AQSh va Rossiya o'rtasida rus dizel eksportiga nisbatan sanksiyalarni 7-aprelgacha to'xtatib turish bo'yicha kutilmagan kelishuvga erishilgan. Ushbu bitim doirasida dastlabki bosqichda 300 ming tonna, noyabr oyida esa yana 500 ming tonna dizel yoqilgisi yetkazib berilishi ko'zda tutilgan. Kelgusida umumiy hajm millionlab tonnaga yetkazilishi mumkinligi aytilmoqda. Ushbu qadam AQSh rejimining oraliq saylovlar oldidan yoqilg'i narxini tushirishga qaratilgan so'nggi urinishlaridan biri ekanligi bildirilmoqda.
O'z navbatida, V. Zelenskiy ushbu kelishuvni keskin qoralab, uni Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun sovg'a deb atadi va bu Rossiyaga urushni davom ettirish uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar taqdim etishini bildirdi. Biroq, AQSh rejimi rahbari Ukraina rahbari ko'plab tinchlik bitimlarini tuzish imkoniyatiga ega bo'lganini, biroq nima uchudir ulardan foydalanmaganini iddao qildi. Tramp o'tgan yilning dekabr oyida ham Ukrainada harbiy holat tufayli to'xtatib turilgan saylovlarni o'tkazish va yangi rahbar saylash g'oyasini ilgari surgan edi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha rahbari Kaya Kallas ham Vashingtonning bu qadamini tanqid qilib, sanksiyalarning yumshatilishi Moskvaga qo'shimcha daromad keltirishini ta'kidladi. Shunga qaramay, Yevropa tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar paketini ma'qullashni rejalashtirayotganini ma'lum qilishdi. Bu jarayonlar G'arb davlatlari o'rtasida Ukrainadagi mojaro va iqtisodiy bosimlar fonida yuzaga kelayotgan jiddiy ziddiyatlarni yaqqol ko'rsatmoqda.
Source: www.bbc.co.uk