Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumati mamlakat janubi-gʻarbidagi qamal ostida qolgan Taiz shahrida «muqarrar sogʻliqni saqlash va gumanitar falokat» yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Rasmiylarning iddaosiga koʻra, husiylar tomonidan uyushtirilayotgan qamal va muhim ta'minot yoʻllarining toʻsib qoʻyilishi shahar aholisini ogʻir ahvoldof qoldirmoqda.
Yamanning Sogʻliqni saqlash vazirligi tarqatgan bayonotda ta'kidlanishicha, shahardagi tibbiyot muassasalarida dori-darmonlar, tomir ichiga yuboriladigan suyuqliklar, tibbiy buyumlar va yoqilgʻi zaxiralari tugab bormoqda. Vazirlik mazkur holat davom etsa, tez tibbiy yordam, jarrohlik, reanimatsiya, dializ hamda chaqaloqlarga xizmat koʻrsatish boʻlimlari oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlishini taxmin qilmoqda.
Shuningdek, yoqilgʻi taqchilligi elektr generatorlari, tez yordam mashinalari hamda dori-darmon va vaksinalarni saqlash uchun zarur boʻlgan sovutish tizimlariga ham jiddiy xavf solmoqda. Rasmiylar Birlashgan Millatlar Tashkiloti va xalqaro gumanitar tashkilotlarga murojaat qilib, tibbiy vositalar va yoqilgʻini zudlik bilan yetkazib berishni talab qilmoqdalar.
Eslatib oʻtamiz, Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan husiylar harakati 2014 yilda poytaxt San'ani egallab olgan edi. Taiz shahri atrofidagi vaziyat oxirgi oylarda yanada keskinlashib, oktyabr oyining boshida toʻliq qamal shakllandi va bu millionlab tinch aholining hayotini xavf ostiga qoʻyishda davom etmoqda.
Source: www.aljazeera.com