2-mart kechasi Eron Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga dron va raketalar bilan hujum amalga oshirdi. Associated Press xabariga ko‘ra, Isroil va AQSh Erondagi nishonlarni o‘qqa tutishda davom etmoqda.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, portlashlar Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi aeroportlar, harbiy obyektlar, portlar va mehmonxonalarda sodir bo‘ldi. Dubay va Abu Dabi aeroportlariga shikast yetgan, bitta tinch aholi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi rahbari Ali Larijoniy AQSh bilan muzokaralar olib bormasligini ma’lum qildi.
Kuvayt Mudofaa vazirligi bir nechta AQSh qiruvchi samolyotlari halokatga uchraganini, ekipaj a’zolari tirik qolganini bildirdi.
AQSh Centcom Eronda 1000 dan ortiq nishonga zarba berganini, B-2 Spirit bombardimonchilari kabi qurollardan foydalanganini aytdi.
Isroil SAXAL Erondagi harbiy nishonlarga 1200 dan ortiq o‘q-dori tashlagan.
Livanning Hizbulloh guruhi Ali Xomanaiyning o‘ldirilishiga javoban Isroilga raketalar uchirganini ma’lum qildi. Isroil bunga javoban Livan bo‘ylab, Bayrutga raketa zarbalari berdi.
CNN xabariga ko‘ra, urush Yaqin Sharqda aviatsiya xaosini keltirib chiqardi. Air France, Emirates kabi aviakompaniyalar reyslarni bekor qildi.
BAA, Qatar, Kuvayt, Isroil, Bahrayn, Iroq va Eron ustidagi havo hududi yopiq. Dubay, Abu Dabi va Doha aeroportlari ham yopiq.
O‘zbekiston TIV fuqarolarga Yaqin Sharq mamlakatlariga safarlarni qoldirishni tavsiya qildi.
Source: www.gazeta.uz