Uch yil davomida falastinliklar hayotini oʻlim va vayronagarchilik egallab oldi. Ammo bombalar, ochlik va majburiy koʻchishlar ularning yaxshiroq hayotga boʻlgan intilishini yoʻq qila olmadi, deya xabar beradi xalqaro kuzatuvchilar. Shunga qaramay, mavjud sharoitlar oddiy aholi uchun har kuni ogʻir sinovligicha qolmoqda.
Oʻtgan yili oktabrda imzolangan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi isroillik harbiylar tomonidan goʻyoki Gʻazodagi urushga nuqta qoʻyishi kerak edi. Biroq oradan bir yil oʻtib ham Isroil rejimi zarbalarni hanuz toʻxtatgani yoʻq. Garchi hujumlar avvalgidek tinimsiz boʻlmasa-da, deyarli har kuni Gʻazoning turli chekkalarida falastinliklar oʻlimi kuzatilmoqda.
Mahalliy sogʻliqni saqlash rasmiylari maʼlumotiga koʻra, sulh imzolanganidan beri, yaʼni bir yil ichida Gʻazoda 1400 dan ortiq inson halok boʻlgan. Isroil rejimi hanuz Hamas jangchilari nishonga olinayotganini vaj qilib koʻrsatmoqda, biroq qurbonlar orasida tinch aholi vakillari koʻpchilikni tashkil etmoqda.
Shunday ogʻir sharoitda ham Gʻazodagi falastinliklar oʻz hayoti va tirikchiligini qayta tiklashga urinmoqda. Ularning baʼzilari vayronalar orasidan topilgan cheklangan materiallar bilan uylarini qayta qurishga harakat qilmoqda, boshqalari эsa kichik bizneslarini jonlantirish payida.
Jumladan, 28 yoshli Jaʼfar Atalloh oʻz oilaviy biznesini Gʻazo markazidagi az-Zavaydada qayta yoʻlga qoʻydi. U isroillik harbiylar bombasi hosil qilgan ulkan chuqurlardan loy qazib olib, oʻzi qizil gʻishtlar yasamoqda va ular yordamida kamtarona boshpana qurib, homilador rafiqasi bilan kun kechirmoqda.
Source: kun.uz