Yamandagi diniy-siyosiy harakat hisoblangan husiychilar, rasman «Ansor Alloh» («Allohning tarafdorlari») deb nomlanadi. Ushbu tuzilma hozirgi kunda Yaman poytaxti Sano shahrini, shuningdek, mamlakatning gʻarbiy va shimoliy hududlarini oʻz nazoratida saqlab turibdi. Mazkur hududlarda yigirma milliondan ortiq aholi istiqomat qilishi qayd etilgan boʻlib, bu Yaman umumiy aholisining qariyb yetmish foizini tashkil etadi.
Harakatning harbiy, diniy va siyosiy rahbari vazifasini 1979-yilda tugʻilgan Abdulmalik al-Husiy bajarib kelmoqda. U taniqli islomshunos olim Badr ad-Din al-Husiyning oʻgʻli boʻlib, tashkilotga 2004-yildan buyon rahbarlik qilib kelmoqda. Abdulmalik al-Husiyning kelib chiqishi Yamandagi qadimgi al-Husiy sulolasiga borib taqalib, bu oila vakillari «sayyidlar», yaʼni Muhammad paygʻambar avlodlari sifatida eʼtirof etiladi. Shuningdek, ular «hoshimiylar», «ashrof» va «ahli bayt» deb ham ataladi.
Qizigʻi shundaki, Abdulmalik al-Husiy husiychilar nazoratidagi davlat tuzilmalarida hech qanday rasmiy davlat lavozimini egallamaydi, biroq unga «qoid as-saura» («inqilob rahbari») unvoni berilgan. Siyosatshunoslarning taʼkidlashicha, uning amaldagi vakolatlari qoʻshni Erondagi oliy rahbar vakolatlariga oʻxshatib yuboriladi. Harakat rahbariyatida oilaviy kadrlar siyosati ustuvor boʻlib, Abdulmalik al-Husiyning aka-ukalari, jiyanlari va boshqa yaqin qarindoshlari muhim lavozimlarni egallab kelmoqda.
Husiychilar harakati tashkil topganidan buyon oʻz maqsadlarini bir necha bor oʻzgartirgan. Dastlabki yillarda, yaʼni 2004–2010-oraligʻida ular Yamanning zaydiylar yashaydigan viloyatlarida diniy va siyosiy muxtoriyatga erishishni koʻzlagan boʻlsa, 2014-yilda hokimiyatni qoʻlga kiritgach, uni butun mamlakat boʻylab mustahkamlashga intildi. Ayniqsa, 2015-yilda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Yamanga aralashganidan keyin, husiychilar oʻzlarini tashqi kuchlardan, xususan, AQSH va uning mintaqadagi ittifoqchilaridan himoya qilishni asosiy shior qilib olgan.
Source: kun.uz