NASA agentligi Madagaskar janubida joylashgan va qariyb 100 kvadrat kilometr maydonni egallovchi Saririaki massivining kosmosdan tushirilgan yangi suratini jamoatchilikka taqdim etdi. Ushbu hudud Oyning yorugʻ togʻli qismlarini eslatuvchi noyob anortozit jinsidan tashkil topgani aytilmoqda, biroq mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu koinotdan tushgan meteorit yoki boʻlak emas, balki Yerning oʻzida hosil boʻlgan geologik tuzilmadir.
Mazkur kadr Xalqaro kosmik stansiyaning 75-ekspeditsiyasi ishtirokchilari tomonidan joriy yilning 28-avgust kuni muhrlangan boʻlib, rasmiy idoralar uni oktyabr oyining boshlarida «Kun surati» deb e'lon qilgan. E'lon qilingan tasvirda qoʻngʻir tusli joylar orasida och rangli hamda yumaloq shakldagi ulkan hudud yaqqol koʻzga tashlanadi, bu esa anortozit jinslarining yer yuzasiga chiqib qolgan qismidan iborat ekani taxmin qilinmoqda.
Ilmiy manbalarga koʻra, anortozit magmatik togʻ jinsi boʻlib, u yer ostidagi erigan moddalarning sekin-asta sovishi natijasida yuzaga keladi va oʻzida yirik mineral kristallarini saqlaydi. Qizigʻi shundaki, Oy sirtida ham aynan shunday jinslar keng tarqalgan boʻlib, ular Yerdan hech qanday teleskopsiz ham yaqqol koʻrinib turuvchi yorugʻ togʻli hududlarni hosil qiladi.
Garchi bu massiv geologlar uchun mutlaqo yangi kashfiyot boʻlmasa-da, uning kelib chiqishi haqidagi bahslar davom etmoqda. 1998-yilda Lyuis Eshval boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi Saririaki va unga tutash Ankafotiya massivlaridagi anortozitlarning kristallanish yoshini taxminan 660 million yil deb baholagan edi. Biroq hisob-kitoblardagi xatolik chegarasi 60 million yilni tashkil etishi mutaxassislarning xulosalariga shubha bilan qarashga asos beradi.
Source: kun.uz