Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Apple korporatsiyasi 2021-yildan beri turli muhokamalarga sabab boʻlib kelgan aqlli uyni boshqarishga moʻljallangan oʻzining ilk HomeView brend xabini rasman taqdim etdi. Mazkur qurilma 7 dyuymli sensorli ekran, A18 protsessori hamda FaceTime videoqoʻngʻiroqlari uchun moʻljallangan maxsus kamera bilan jihozlangan boʻlib, texnologiya bozorida qiziqish uygʻotishga harakat qilmoqda.

Qurilmaning asosiy texnologik negizini Apple Intelligence bazasida ishlaydigan yangilangan Siri ovozli yordamchisi hamda foydalanuvchini yuzni tanish funksiyasi orqali aniqlovchi interfeys tashkil etadi. Iddao qilinishicha, tizim xonadondagi shaxslarni tanib, shaxsiy xabarlar, taqvimlar, eslatmalar hamda uyning individual sozlamalarini ekranga chiqarishi kerak, biroq bunday sun'iy intellekt yechimlarining qanchalik samarali ishlashi ko'plab savollarni tug'dirmoqda.

Yangi mahsulot uy jihozlarini markazlashtirilgan tarzda boshqarishga moʻljallangan boʻlib, bu borada LG va Schneider Electric kabi kompaniyalar bilan hamkorlikda videokuzatuv kameralari, termostatlar va aqlli qulf kabi aksessuarlar chiqarilgan. Shuningdek, qurilma oʻz akkumulyatoriga ega emasligi va doimiy ravishda elektr tarmogʻiga ulanishni talab qilishi foydalanuvchilar uchun ma'lum noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin.

Amerikalik texnologiya gigantining ushbu mahsuloti uchun oldindan buyurtmalar boshlab yuborilgan boʻlib, AQSHdagi boshlangʻich narxi 299 dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, Yevropa hududida tartibga soluvchi cheklovlar va Siri AI funksiyasining toʻliq ishlamasligi sababli mahsulotni sotish vaqtincha kechiktirilgani xabar qilinmoqda.

Source: kun.uz