Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

13-oktabr tundan 14-oktabr ertalabgacha Kiyev shahri va Ukraina nazoratidagi boshqa hududlarga bir qator kuchli zarbalar berildi. Kiyev shahri prokuraturasining yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan, 25 nafardan ortiq mahalliy aholi turli tan jarohatlari olgan.

Desnyan tumanida raketa to‘qqiz qavatli turar joy binosiga kelib tushishi oqibatida yong‘in yuzaga kelgan. Qutqaruvchilar binodan 16 nafar fuqaroni evakuatsiya qilgan. Shuningdek, Goloseyev tumanida ham turar joy bo‘lmagan binoga zarar yetgan. Kiyev rejimi vakillari va shahar meri Vitaliy Klichko ballistik raketalar bilan berilgan ommaviy zarbalar poytaxt hamda uning atrofidagi muhim energetika obyektlarini jiddiy shikastlaganini ma’lum qildi.

Ukrainaning boshqa hududlarida ham tungi zarbalar oqibatlari qayd etilgan. Xususan, Dneprda yirik yong‘in kelib chiqqan, Ternopil va Xmelnitsk viloyatlarida esa dronlar hujumi natijasida sanoat korxonalari hamda infratuzilma obyektlari zarar ko‘rgan. Parchalar tushishi sababli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham yong‘inlar yuzaga kelgani xabar qilindi.

Ukrainaning rahbari Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya tomonidan o‘nlab ballistik raketalar va yuzdan ortiq hujumchi dronlar qo‘llanilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kamida 600 ming kishi elektr energiyasiz qolgan, energetika va neft-gaz majmuasining o‘nlab obyektlari qattiq shikastlangan. Shu bilan birga, Zelenskiy g‘arblik hamkorlar Ukrainani ballistik raketalar uchirilishi haqida o‘z vaqtida ogohlantirmaganini iddao qildi.

Ushbu voqealar fonida xalqaro maydonda diplomatik ziddiyatlar davom etmoqda. Avvalroq AQSh rejimi rahbari Donald Tramp Rossiya va Ukraina energetika obyektlariga zarba berishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan edi. Biroq Rossiya tomoni bu kelishuvda rasman ishtirok etayotganini tasdiqlamadi, shuningdek, tomonlar bir-birini sulh shartlarini buzishda ayblashda davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz