Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2-mart kuni Il-Long atom suvosti kemalari bazasida bo‘lib o‘tgan nutqida yadroviy arsenalni kengaytirish va ittifoqchi Yevropa mamlakatlari hududida yadroviy kuchlarni joylashtirishga tayyor ekanligini e'lon qildi. Makronning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi 50 yil yadroviy qurol davri bo‘ladi va hozirgi geosiyosiy to‘qnashuvlar davrida tahdidlarga qarshi tiyib turish salohiyatini mustahkamlash kerak.
Prezident 2036-yilda "Yengilmas" nomli yangi atom suvosti kemasini suvga tushirishini ma'lum qildi va "ilg‘or tiyib turish" tizimini bosqichma-bosqich joriy etishni e'lon qildi. Uning aytishicha, yangi strategiyaga Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Niderlandiya, Polsha va Shvetsiya qo‘shilgan.
Makron yadroviy qurolni qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi faqat Fransiya prezidentida qolishini va ittifoqchilarga mutlaq himoya kafolati berilmasligini ta'kidladi. Bundan tashqari, Fransiya bundan buyon yadroviy arsenal zaxiralari haqidagi ma'lumotlarni ochiqlamaydi.
Le Monde ma'lumotlariga ko‘ra, Fransiya dunyoda to‘rtinchi yirik yadroviy arsenalga ega bo‘lib, taxminan 290 ta jangovar kallakdan iborat. Reuters tushuntiradiki, AQShning Rossiya bilan yaqinlashuvi va ittifoqchilarga nisbatan qat'iy pozitsiyasi Yevropa davlatlarini Fransiyaning "yadroviy soyaboni"ni kengaytirishiga qiziqtirgan.
Source: www.gazeta.uz