France Football nashri futbol tarixidagi eng nufuzli deya daʼvo qilinayotgan yangi sovrin — «Barcha davrlarning Oltin toʻpi» (Ballon d’Or of All Time, B.O.A.T.) uchun ovoz berish jarayonini rasman boshladi. Tarqatilgan maʼlumotlarga koʻra, ushbu jarayon ishtirokchilardan maʼlum miqdordagi mablagʻ talab qilishi jamoatchilikda turli savollarni keltirib chiqarmoqda.
Taqdim etilgan nomzodlar roʻyxatidan Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu kabi zamonamizning taniqli futbolchilari joy oldi. Shuningdek, daʼvogarlar safida Alfredo Di Stefano, Yohan Kroyf, Frans Bekkenbauer, Kevin Kigan, Karl–Hayns Rummenigge, Mishel Platini, Marko van Basten va braziliyalik Ronaldo kabi oʻtmish afsonalari ham koʻrsatilgan.
Tashkilotchilarning tanlov qoidalariga koʻra, mazkur mukofotga faqatgina «Oltin toʻp»ni kamida ikki marta qoʻlga kiritgan futbolchilar daʼvogarlik qilishi mumkin. Shu sababli, roʻyxatdan Pele va Diyego Maradona kabi futbol olamining buyuk namoyandalari chetda qolgan. Nashr buni 1995-yilgacha mukofot faqat yevropalik oʻyinchilarga berilgani bilan izohlamoqda.
Ovoz berish tartibining oʻziga xosligi shundaki, gʻolibni aniqlash jarayoni toʻgʻridan-toʻgʻri muxlislar ixtiyoriga berilgan va har bir ovoz uchun 1 yevro miqdorida haq olinishi aytilmoqda. Pul evaziga ovoz beruvchilar gʻolibning raqamli suratini olishi hamda 2027-yilgi taqdirlash marosimiga chiptalar lotereyasida qatnashishi mumkinligi maʼlum qilindi.
Source: kun.uz