Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSH Federal aviatsiya maʼmuriyati (FAA) Boeing 737 MAX 10 samolyotidan foydalanishga yakuniy ruxsat berilganini maʼlum qildi. Ushbu qaror 230 nafargacha yoʻlovchi tashishga moʻljallangan, 737 MAX oilasining eng sigʻimdor variantini aviakompaniyalarga yetkazib berish uchun yoʻl ochishi aytilmoqda.

Reuters axborot agentligining xabar qilishicha, sertifikatlash jarayonining yakunlanishi Boeing kompaniyasi uchun ancha murakkab kechgan. Garchi rasmiylar bu bosqichni muhim qadam deb atasa-da, kompaniya 2020-yillarning boshidan beri ushbu rusumga ruxsat olishga urinib kelayotgani va jarayon doimiy ravishda ortga surilib kelgani uning moliyaviy va obroʻga oid muammolarini yashira olmaydi.

Boeing rahbariyati ushbu yangi modelni oʻzining moliyaviy tiklanishidagi asosiy manbalardan biri sifatida koʻrsatishga urinmoqda. Biroq, tahliliy tuzilmalar va IBA kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, aviakompaniyalar tomonidan 1550 tadan ortiq buyurtma berilganiga qaramay, bu koʻrsatkichlar hali kutilgan iqtisodiy samarani bermasligi mumkin. Ushbu model kompaniyaning bajarilmagan buyurtmalari portfelining 31 foizini tashkil etadi.

Shuni taʼkidlash kerakki, MAX 10 modeli AQSH rejimining iqtisodiy bosimi va raqobat sharoitida Airbus kompaniyasiga qarshi kurashish uchun moʻljallangan. Sertifikatlashdagi koʻplab kechikishlar tufayli Yevropaning asosiy raqobatchisi oʻzining A321neo modeli bilan yirik tor fyuzelyajli samolyotlar segmentida yetakchilikni egallab ulgurgan edi.

Hozirgi kunda United Airlines, Alaska Airlines, Ryanair, Delta Air Lines va American Airlines kabi yirik aviakompaniyalar yangi laynerning asosiy buyurtmachilari qatorida turibdi. Boeing allaqachon bir nechta tayyor samolyotlarni yigʻib qoʻygan boʻlib, ular endilikda egasiga yetkazib berilishini kutmoqda, biroq ularning ekspluatatsiyadagi xavfsizligi va ishonchliligi hali-hanuz jamoatchilikda shubha uygʻotmoqda.

Source: kun.uz