Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh rejimi Eron iqtisodiyotiga qarshi bosim kampaniyasini davom ettirib, mamlakatning transport tarmoqlarini nishonga oldi. Vashington tomoni oktyabr oyining boshida “Iqtisodiy quvg‘in” operatsiyasi doirasida uchta Eron temir yo‘l kompaniyasiga, shuningdek, bir qator avtomobilsozlik korxonalari va xorijiy yetkazib beruvchilarga nisbatan cheklovlar kiritdi. AQSh rejimi da'vo qilishicha, bu tarmoqlar davlatga daromad keltiribgina qolmay, balki harbiylashgan tuzilmalar bilan ham bog'liq.

Janubiy dengiz yo‘llari blokada qilingach, Tehron hukumati Xitoy, Markaziy Osiyo, Rossiya va Turkiya bilan quruqlikdagi chegara va temir yo‘l aloqalariga tayanishga majbur bo'lmoqda. Eron rasmiylarining ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatda 15 ming kilometrdan ortiq asosiy va ikkilamchi temir yo'llar mavjud bo'lib, o'tgan yili tarmoq 44 million tonna yuk tashigan. Joriy yilda esa bu ko'rsatkichni 54 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Xitoydan yo'lga chiqqan konteyner poezdlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston orqali Eron hududiga kirib kelmoqda. Biroq, rasmiy jadval bo'yicha 14–16 kunlik yo'l amalda bojxona tekshiruvlari va infratuzilma muammolari tufayli 50–60 kungacha cho'zilishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, temir yo'l dengiz savdosining o'rnini to'laqonli bosa olmaydi va yuqori xarajatlarni keltirib chiqarmoqda.

Yangi sanksiyalar xorijiy operatorlar, sug'urtachilar va banklarning Eron bilan ishlashini yanada murakkablashtirishi kutilmoqda. Garchi bu choralar Eronni izolyatsiya qilishga qaratilgan bo'lsa-da, tahlilchilarning fikricha, bu Tehronni Xitoy iqtisodiy orbitasiga va Rossiya strategik tizimiga yanada chuqurroq bog'lanishga majbur qilmoqda.

Source: www.dw.com