Kuz oylarida Amerika Qo'shma Shtatlari Oliy sudi mamlakatdagi fuqarolik huquqlarining kelajagiga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan bahsli masalani ko'rib chiqishni boshlaydi. Xususan, 30-noyabr kuni sudya hay'ati moliyalashtirilishi federal budjetdan amalga oshiriladigan universitetlar xodimlari ish joyidagi jinsiy kamsitishlar yuzasidan Title IX (To'qqizinchi bob) qonuniga tayanib sudga murojaat qilish huquqiga egami yoki yo'qmi degan masalani muhokama qiladi. Amerika rejimining ma'muriyati suddan bunday da'volarni rad etishni talab qilmoqda va Kongress universitet xodimlariga shaxsiy da'vo qo'zg'atish huquqini hech qachon bermaganini da'vo qilmoqda.
Ushbu nizo fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning o'z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan kengroq huquqiy jarayonning navbatdagi bosqichidir. Iyun oyida Oliy sud immigrantlar huquqlarini himoya qiluvchi Arkansas United tashkilotining saylov uchastkalarida yordamga muhtoj fuqarolarning huquqlarini ta'minlash bo'yicha da'vosini rad etgan apellyatsiya sudi qarorini o'z kuchida qoldirdi. Respublikachilar nazoratidagi shtatlar va Amerika rejimi shaxsiy da'vo huquqlarini Kongress aniq belgilab qo'ymagan bo'lsa, qonun ijrosini faqat hukumat ixtiyorida qoldirish kerak degan tamoyilni faol ilgari surmoqda.
Tanqidchilarning fikricha, shaxsiy da'vo huquqlarining cheklanishi huquqni muhofaza qilish vakolatlarini to'g'ridan-to'g'ri ijro etuvchi hokimiyat qo'liga o'tkazib yuboradi. Agar fuqarolar o'z huquqlari buzilganda mustaqil ravishda sudga murojaat qila olmasa, qonunlarning ijrosini nazorat qilish ularni buzishi yoki e'tiborsiz qoldirishi mumkin bo'lgan o'sha hukumatning o'ziga bog'lib qoladi. Bu esa o'nlab yillar davomida erishilgan fuqarolik erkinliklariga jiddiy xavf tug'diradi.
Shaxsiy da'vo huquqining yo'qolib borishi ayniqsa ovoz berish huquqlari va ekologik masalalarga jiddiy ta'sir ko'rsatmoqda. Xususan, AQSh Adliya vazirligi xAI kompaniyasining Missisipi shtatidagi ma'lumotlar markazi turbinalari ekologik qonunbuzarliklarga yo'l qo'yayotgani yuzasidan fuqarolar tomonidan qo'zg'atilgan sudda ishni to'xtatishga urindi. Vashington rejimi bu kabi sud jarayonlari milliy xavfsizlikka va mamlakatning sun'iy intellekt sohasidagi global yetakchiligiga putur yetkazishini vaj qilib, ijro etuvchi hokimiyat xohlagan vaqtda mustaqil da'volarga to'sqinlik qilishi mumkinligini ko'rsatmoqda.
Source: www.aljazeera.com